Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

“SHAHRISTON QUBOSI”: OSMON OSTIDA MUZEY — ZAMONAVIY YONDASHUV

11:21, 25.11.2025      

Farg‘ona viloyati turizm salohiyatini yanada oshirish, qadimiy tarix va madaniy merosni keng targ‘ib etish maqsadida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu yo‘nalishdagi navbatdagi tashabbus — Quva tumanida joylashgan, buyuk alloma Ahmad al-Farg‘oniy nomi bilan bog‘liq “Shahriston Qubosi” arxeologik yodgorligini osmon ostidagi muzeyga aylantirish g‘oyasi bo‘ldi.

Yaqinda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va arxeologiya sohasi bo‘yicha mutaxassislar bilan uchrashdi. Muloqot davomida mazkur yodgorlikni tiklash, ilmiy asosda o‘rganish va uni xalqaro darajadagi turistik maskanga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar batafsil muhokama qilindi.

“Shahriston Qubosi” — Quva vohasining eng qadimiy va qimmatli arxeologik obyektlaridan biri bo‘lib, tarixchilarning fikricha, u buyuk astronom va matematik Ahmad al-Farg‘oniy yashagan davrning madaniy muhitini o‘zida aks ettiradi. Hududda olib borilgan dastlabki arxeologik tadqiqotlar bu yerda qadimiy shahar markazi va hunarmandchilik makonlari bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Yodgorlikni turizmga keng ochish orqali:

  • -hududning tarixiy jozibadorligi oshadi,
  • -yoshlar uchun ilmiy-amaliy maydon yaratiladi,
  • -xorijiy va mahalliy turistlar uchun yangi madaniy yo‘nalish paydo bo‘ladi.

Uchrashuv davomida “Shahriston Qubosi” hududida ochiq osmon ostidagi muzey konsepsiyasini ishlab chiqish, arxeologik topilmalarni ilmiy asosda saqlash va ularni zamonaviy interaktiv usulda namoyish etish takliflari bildirildi. Bu orqali:

  • -sayyohlar tarixni bevosita qazilma joyida ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi;
  • -arxeologik obyektlar professional tarzda himoya qilinadi;
  • -hududda yangi turistik infratuzilma barpo etiladi.

Farg‘ona davlat universiteti olimlari mazkur loyihaning ilmiy qismida faol ishtirok etmoqda. Ular arxeologik tadqiqotlar, tarixiy manbalar tahlili, topilmalarni restavratsiya qilish va yodgorlik bo‘yicha ilmiy ekspeditsiyalarni tashkil etish rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Viloyat hokimining ta’kidlashicha, ushbu yodgorlikni jonlantirish nafaqat turizmni rivojlantiradi, balki Ahmad al-Farg‘oniy merosini yanada chuqurroq o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish uchun mustahkam zamin yaratadi.