Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

​Qadrli talabalar, hurmatli ota-onalar va aziz professor-oʻqituvchilar!

11:21, 03.12.2025      


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 3-noyabrdagi farmoni, aholining salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilab berdi. Ushbu farmon asosida giyohvandlikka qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan Milliy dastur tasdiqlandi, unda taʼlim muassasalarining masʼuliyati alohida taʼkidlangan.

Fargʻona davlat universiteti ham ushbu milliy strategiyaning faol ishtirokchisi sifatida yosh avlodni bu illatdan himoya qilishda oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Aziz talabalar!

Sizlar — mamlakatimizning ertangi kunini belgilaydigan kuch, ilm va orzular egasi.

Universitet — bu nafaqat bilim olish, balki shaxsiy kamolot va masʼuliyatni shakllantirish maskani. Ammo bugungi zamonda giyohvandlik va psixotrop moddalar kabi tahdidlar yoshlarga koʻz tikmoqda. Bilmay yoki vaqtinchalik "zavq" izlab, bu baloga aralashish — kelajakni barbod qilish demakdir. Giyohvandlik nafaqat sogʻliqni, balki orzularni, oilalarni va butun jamiyatni vayron qiladi. Shuning uchun, sogʻlom turmush tarzini tanlang, ilmga intiling va yomon odatlardan yiroq boʻling. Universitetimizda giyohvandlikka qarshi targʻibot tadbirlari, psixologik treninglar va "Giyohvandlikka yoʻq deymiz!" shiori ostidagi faoliyatlar orqali sizlarga yordam beramiz. Hech qachon "Bir marta sinab koʻraman" degan xatoga yoʻl qoʻymang – bu oʻz hayotingizni zaharlamoqdir.

Hurmatli ota-onalar!

Farzand — hayotingizning eng qadrli neʼmati.

Sizlar farzandlaringizni koʻz qorasidek asraydigan, ularni tahdidlardan himoya qiladigan qalqonsiz. Universitet talabalari boʻlgan farzandlaringiz bilan doimiy muloqotda boʻling, ularning muammolarini tinglang va gʻamxoʻrlik koʻrsating. Giyohvandlik vositalarining tarqalishi, internet orqali narkojinoyatlar — bu yoshlarga qarshi tahdid. Farmonda taʼkidlanganidek, voyaga yetmaganlar va yoshlarni himoya qilish barchamizning vazifamiz. Universitetimiz bilan hamkorlikda, ota-onalar kengashi orqali profilaktik tadbirlar oʻtkazamiz. Farzandlarimizning qalbida mehr va masʼuliyatni uygʻoting – shunda ular toʻgʻri yoʻldan adashmaydi.

Aziz professor-oʻqituvchilar!

Yosh avlodni tarbiyalashda sizning rolingiz beqiyos!

Universitetda har bir dars, har bir suhbat talabalar ongida sogʻlom fikr va masʼuliyatni shakllantirishi lozim. Farmon asosida ishlab chiqilgan "Giyohvandlik va narkojinoyatlarni oldini olish boʻyicha manzilli yillik reja"ga muvofiq, oʻquv jarayoniga giyohvandlikning salbiy oqibatlarini yorituvchi mavzularni kiritaylik. Talabalar bilan psixologik mashgʻulotlar, "Rad etish koʻnikmalari" treninglari va "Qalqon" xavfsizlik patrullari orqali profilaktik ishlarni kuchaytiraylik. Shogirdlarimizni oʻz farzandlarimizdek asraylik va ularni giyohvandlikdan holi taʼlim muhitida tarbiyalaylik.

Hurmatli hamkasblar, talabalar va ota-onalar!

Barchamiz birlashaylik!

Millat genofondiga qarshi jinoyatlar — bu jiddiy xavf. Farmonimizda belgilanganidek, narkojinoyatchilikka murosasiz munosabat bildiring, huquq-tartibot organlariga faol koʻmaklashing. Universitetimizda "Giyohvandlikdan holi taʼlim muassasasi" konsepsiyasini amalga oshirib, sogʻlom va maʼrifatli yoshlarni tarbiyalaymiz.

Oʻzbekistonning tinch va farovon kelajagi – bizning bugungi hamjihatligimizga bogʻliq!