

Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazining faollar zalida Farg‘ona shahridagi “Yoshlar”, “Ma’shal”, “M.Ulug‘bek”, “Oybek”, “Furqat”, “Navro‘z” va “Al-Farg‘oniy” mahallalari aholisi ishtirokida muhim ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Farg‘ona davlat universiteti olimlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona shahar bo‘linmasi vakillari, ziyolilar, yoshlar yetakchilari, nuroniylar hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlar faol ishtirok etdilar. Uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.


Tadbir davomida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar, jamiyat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari, yoshlar siyosati, ta’lim, ilm-fan, ma’naviyat va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, strategiyada belgilangan maqsadlar mahalla hayotiga tatbiq etilishi, aholining faolligini oshirish va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’rifiy uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish, fikr va takliflarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar. Tadbir yakunida bunday uchrashuvlar aholining siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.