

Farg‘ona davlat universitetida talaba qizlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish hamda jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash maqsadida muhim tadbir tashkil etildi. Universitetda faoliyat yuritayotgan “Talaba qizlar” koordinatori tashabbusi bilan, FarDU Xotin-qizlar maslahatchisi, Yoshlar ittifoqi universitet kengashi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamkorligida “Ayol huquqlari va imkoniyatlari” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda talaba qizlar, soha mutaxassislari va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, ayollarning jamiyatdagi o‘rni, huquqiy himoyasi, ta’lim olish hamda mehnat bozoridagi imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Ochiq muloqot jarayonida mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, gender tengligini ta’minlash borasidagi amaliy choralar ham muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida talaba qizlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, ularning tashabbuslari va takliflari tinglandi. Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqot ishtirokchilarga o‘z fikrini erkin bildirish, hayotiy tajriba va bilimlar bilan o‘rtoqlashish imkonini berdi.
Tadbir yakunida bunday uchrashuvlar talaba qizlarning huquqiy ongini oshirish, ularni jamiyat hayotida yanada faol bo‘lishga undashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Kelgusida ham mazkur yo‘nalishda qator amaliy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.