

Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini oshirish, baholash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Umummilliy professor-o‘qituvchilar va talabalar so‘rovnomasi” doirasida tashkil etildi.
Seminar-treningda Milliy agentlik direktori Baxtiyor Yuldashev, universitet rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari hamda mas’ul mutaxassislar ishtirok etdilar. Tadbir davomida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini baholashning yangi va zamonaviy tizimi, milliy reyting mezonlari, shuningdek, baholash jarayonlariga sun’iy intellekt va raqamli tahlil mexanizmlarini joriy etish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, so‘rovnoma natijalarining ta’lim jarayonini takomillashtirishdagi ahamiyati, ularning asosida tahliliy xulosalar chiqarish hamda oliy ta’lim muassasalarida sifat ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berilib, ochiq muloqot muhitida fikr almashildi.
Seminar yakunida so‘rovnoma jarayonining ochiqligi va xolisligini ta’minlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar faolligini oshirish, ularning fikr-mulohazalarini tizimli ravishda inobatga olish muhimligi alohida ta’kidlandi. Ushbu seminar-trening ta’lim sifatini baholashning zamonaviy yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.