
Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlarning o‘quv yilida egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarini xolisona baholash maqsadida yakuniy imtihon jarayonlari izchil davom etmoqda. Imtihonlar talabalarning ilmiy salohiyatini sinovdan o‘tkazish, mustaqil fikrlash darajasi va kasbiy tayyorgarligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur jarayonlarning adolatli, shaffof va belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq tashkil etilishini ta’minlash maqsadida universitet huzuridagi Jamoatchilik nazorati kengashi a’zolari tomonidan muntazam monitoring ishlari olib borilmoqda. Xususan, kengash a’zolari Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti talabalari uchun tashkil etilgan yakuniy imtihon jarayonlarini bevosita joyiga chiqib kuzatdilar.
Monitoring davomida imtihonlarning o‘tkazilish tartibi, baholash mezonlariga rioya etilishi, auditoriyalardagi sharoitlar hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, talabalarga imtihon jarayonida o‘z bilimlarini to‘liq namoyon etishlari uchun zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Jamoatchilik nazorati kengashi a’zolari tomonidan o‘tkazilgan kuzatuvlar natijasida imtihon jarayonlari ochiqlik, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilayotgani qayd etildi. Bu esa universitetda ta’lim sifatini oshirish, talabalarning bilimini adolatli baholash hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bunday nazorat tadbirlari talabalarda mas’uliyat hissini kuchaytirish, o‘qituvchilar faoliyatida ochiqlikni ta’minlash hamda ta’lim jarayoniga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Farg‘ona davlat universitetida yakuniy imtihon jarayonlari belgilangan jadval asosida davom etmoqda va jamoatchilik nazorati doimiy ravishda amalga oshirilmoqda.