Bugungi kunda Fargʼona davlat universiteti va Rossiya Federatsiyasining Jahon reytingida TOP 100 talikdan oʼrin olgan Qozon (Volgaboʼyi) Federal universitetining oʼzaro hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga erishildi. Samarali muloqotlardan soʼng, ikki oliy oʼquv yurti oʼrtasida filologiya va tillarni oʼqitish: rus tili yoʼnalishi boʼyicha qoʼshma taʼlim dasturi ishlab chiqilib, 3+1 tamoyiliga asoslangan dasturga talabalar qabuli amalga oshirilgan edi.
Bugun Fargʼona davlat universiteti va Qozon Federal universiteti oʼrtasida tashkil etilgan qoʼshma dasturning ochilish marosimi Zoom ilovasi orqali boʼlib oʼtdi.
Unda har ikki universitet professor-oʼqituvchilari, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Tadbirni Fargona davlat universiteti prorektori, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent A.O’rinov ochdi va nufuzli xalqaro oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur qoʼshma dastur kelgusida qo’shma fakultetlar ochilishi, xalqaro hamkorlik ufqlarining yanada kengayishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shundan soʼng Qozon federal universiteti professorlari R.Zamaletdinov va R. Muxametshinovalar soʼzga chiqib, mazkur qoʼshma dastur uzoq kutilgan hamkorlik natijasi ekanligi va bu orqali har ikki oliy oʼquv yurti xalqaro talablarga mos yetuk kadrlar tayyorlash yoʼlida birlashishiga urgʼu berdilar va bugungi ochilish bilan barchani qutladilar.
Marosimda so’z olgan filologiya va tillarni oʼqitish: rus tili yoʼnalishiga kirish imtihonlarida eng koʼp ball toʼplagan iqtidorli talaba Anastasiya Kosenkova bildirilgan ishonch va imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir nihoyasida qo’shma ta’lim dasturining borishi yuzasidan qo’shimcha ma’lumotlar taqdim qilindi.