Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 343
  • Ko`rib chiqilganlar 307
    • Takliflar 49
    • Arizalar 259
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 36

FARGʼONA DAVLAT UNIVERSITETIDA BUNYODKORLIK SHUKUHI:160 oʼrinli zamonaviy anjumanlar zali, yangitdan bunyod etilayotgan harbiy boks, koʼrkamlashayotgan fakultetlar

15:50, 20.11.2021      

Bugun Fargʼona davlat universitetiga kirib kelishingiz bilan yurak-yuragingizni yoshlikka xos shijoat, ayniqsa, yaratuvchanlik va bunyodkorlik nashidasi qamrab oladi. Mohiyatan Yangi Oʼzbekistonning yangi avlodini yaratayotgan, qariyb 30 ming nafardan ziyod talaba-yoshlarni bagʼriga olgan otaxon dargohning yangi ilmiy oʼsish, maʼnaviy-maʼrifiy yuksalish yoʼlidan dadil borayotganini anglash qiyin emas.

Kechagina oʼzining doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan yosh olim, nufuzli tanlovda gʼolib boʼlgan iqtidorli talaba, yangi kitobi nashrdan chiqqan ijodkor yosh, shuningdek, “ilm olaman, yuksalaman”, degan yorugʼ umid bilan oʼqib-izlanayotgan yoshlar uchun yangitdan bunyod etilayotgan oʼquv binolari, hatto qutlugʼ dargoh bagʼriga oʼtqazilgan har yangi koʼchat yoki kutubxonaga olib kelinayotgan har bir yangi kitob, bari-barining zamirida universitetimiz oʼz oldiga qoʼygan yuksak maqsadlar ifodasi, yolqini bordir.

Oʼzining yaqin bir asrlik kamolini yanada balandlatishga intilayotgan qutlugʼ maskandagi har bir hayrli qadamdan koʼngillar yayraydi. Boisi, yashil tabiati, oʼziga xos arxitekturasi bilan barcha uchun qadrdonlik kasb etgan oshyonda Yangi Oʼzbekistonning ezgu tashabbus va bunyodkorlik tamoyillariga asoslangan saʼy-harakatlar keng quloch yozdi.

Bugun Fargʼona davlat universitetida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ortida taʼlim sifatini yanada oshirish, talaba-yoshlarning zamonaviy sharoitlarda bilim olishiga imkoniyat yaratish maqsadi mujassamdir. Universitet rektorati binosida joylashgan anjumanlar zalining yangitdan rekontruktsiya qilingani ana shu ezgu maqsadga hamohang boʼldi.

160 oʼringa moʼljallangan konferents-zal qisqa fursatlarda zamonaviy mebel va uskunalar, texnik jixozlar, yangi format va dizayndagi yoritgichlar, xususan, eng soʼnggi modeldagi interaktiv sensorli panel bilan jihozlanib, foydalanishga topshirildi. Universitetimizda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari olimlari ishtirokida oʼtkazilgan “Аl-Xorazmiy -VII” xalqaro ilmiy konferentsiyasining boʼlib oʼtishi zamonaviy va koʼrkam qiyofa kasb etgan mazkur zalda tashkil etilgan ilk nufuzli anjuman sifatida eʼtirof etildi. Shu kabi respublika va xalqaro ilmiy tadbirlarning borishi va ishtirokchilarga qulay sharoit yaratish, qolaversa, oliy oʼquv yurti jamoasiga sifatli oziq-ovqat xizmatini tashkillash maqsadida 150 oʼrinli oshxona inventarlari eng zamonaviy jihozlarga almashtirildi. Bu esa bosqichma-bosqich yoʼlga qoʼyilgan ezgu ishlar oʼzining samarali yakunini birin-ketin koʼrsatayotganini anglatadi.

Аytish kerakki, oʼtgan qisqa vaqt ichida universitetning barcha fakultet va boʼlimlarini mukammal taʼmirlash rejasi ishlab chiqildi. Filologiya fakulteti yangi oʼquv binosining foydalanishga topshirilgani professor-oʼqituvchilar, talaba-yoshlar uchun quvonchli voqelik sifatida eʼtirof etildi. Аyni kunlarda uzoq yillardan buyon taʼmir va qarovdan chetga qolgan tarix va pedagogika-psixologiya fakultetlarining kapital taʼmirlash ishlari qizgʼin olib borilayotgani universitet arxitekturasining yanada zamonaviy qiyofa kasb etishi barobarida taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlarning munosib namunasidir.

Shu daqiqalarda universitetning harbiy taʼlim fakultetiga yoʼlingiz tushsa, u yerda harbiy texnikalar saqlanadigan boks va saf maydoni qurish ishlariga kirishilganiga guvoh boʼlasiz. Yil yakuniga qadar qad rostlashi va foydalanishga topshirilishi koʼzda tutilgan mazkur obʼektlar 1 mlrd 750 mln soʼmlik loyiha asosida bunyod etilayotir. Bu esa fakultetning harbiy kadrlar tayyorlash salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Yaratuvchan, bunyodkor xalqning avlodlarimiz. Buning eng goʼzal namunasi ona tuproq bagʼriga yangi nihol qadashdek qadriyatlarimizda ham ifoda topayotganidan shodlanamiz. Bugun minglab manzaralar daraxt koʼchatlari ekilib, “yashil makon”ga aylantirilayotgan universitet bagʼrida, uning shijoatli, koʼzi yonib turgan yigit-qizlari qalbida Yangi Oʼzbekiston nafasi, yangi istiqbol shukuhi boʼy koʼrsatayotgani naqadar sururli, naqadar goʼzal!

Dilnavoz QOʼLDOSHEVА,

Fargʼona davlat universiteti matbuot xizmati vakili.