Zootexniya fakultetida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbuslar ijrosi amalga oshirilmoqda.
Jumladan, forum doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalari talabalarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otmoqda. Masalan, kuni kecha 5-talabalar turar joyida yashayotgan Zootexniya va Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetlari talaba-qizlar ishtirokida yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirish maqsadida shaxmat-shashka va voleybol sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Ushbu musobaqalarda talabalarning jismoniy faolliklari ortgan bo‘lsa, bir tomondan fakultetlar talabalari o‘rtasida do‘stlik rishtalari ham uzviy bog‘landi. Shu o‘rinda talabalarimiz qiziqib o‘ynaydigan voleybol sport o‘yini to‘g‘risida ma’lumot keltirib o‘tish joiz.
VOLEYBOL (ing. volley ball, volley — urib qaytarmoq va ball — koptok) — jamoa bo‘lib o‘ynaladigan sport o‘yini; o‘rtasidan to‘r bilan (erkaklar musobaqasi uchun 2,43 m va ayollar musobaqasi uchun 2,24 m balandlikda) bo‘lingan 9×18 m li maydonchada o‘ynaladi. Bir jamoa 6 kishidan iborat bo‘lib, 2 jamoa o‘ynaydi. O‘yinchilar to‘pni qo‘l bilan urib, raqib maydoniga tushirishga harakat qiladilar. Koptokni uch urishda raqiblar tomoniga o‘tkazish lozim. Musobaqa 3 yoki 5 qur o‘ynaladi. Voleybol AQShda paydo bo‘lgan (1895). 1964 yildan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan, 1949 yildan jahon birinchiliklari o‘tkaziladi.