Xabaringiz bor, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori yoshlar va oliy taʼlim uzviyligidagi uzoq vaqtdan beri kutilgan bir qator tizimli yangilik va oʼzgarishlarni oʼzida jamladi. Ular qatorida 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab talabalar bilan ishlash boʼyicha “guruh murabbiyi” instituti bekor qilinib, uning oʼrniga talabalar bilan ishlaydigan “tyutorlar” amaliyoti yoʼlga qoʼldi. Bu orqali tyutorlar - yuksak masʼuliyat egasi, talabaga yelkadosh murabbiy va mohir konsultant sifatida faoliyat boshladilar.
Harbiy taʼlim fakulteti tyutorlari ham oʼz vazifalaridan kelib chiqib, oʼzlariga biriktirilgan talabalarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi. Talabalar turar joyi va ijara xonadonlarida boʼlgan tyutorlar talabalar bilan suhbatlashishdi, ularning muammolari va kamchiliklari bilan tanishishib, kerakli yoʼl-yoʼriq va yordamlarni berishdi.
Shuningdek, tashriflar davomida barcha talabalarga yashash joylarida axloq-odob qoidalariga, shuningdek, havfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilishlari aytib oʼtildi.