Fargʼona viloyati boʼylab katta bayram sifatida nishonlangan “Аdabiyot kunlari” va Fargʼona davlat universitetida oʼtkazilayotgan “Talabalar forumi-2021” festivalining “Men sevgan adib” loyihasi doirasida Oʼzbekiston Xalq yozuvchisi Isajon Sulton bilan ijodiy uchrashuv bo’lib o’tdi.
Аdabiy kechada fakultet professor-oʼqituvchilari, filolog olimlar, talaba yoshlar va adibning fargʼonalik ijodkor doʼstlari jam boʼlishdi.
Uchrashuvni universitet prorektori F. Otaqulov ochib, bugungi adabiy bayram talaba yoshlarni kitobga, adabiyotga boʼlgan mehrini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi, oliygoh boʼylab bunday nufuzli ijodiy tantanalar, adabiy muloqotlar oʼtkazilishi ezgu anʼanaga aylanganini taʼkidlab oʼtdi.
Fakultet dekani E. Ibragimova, filologiya fanlari doktori, professor Yoʼldosh Solijonov oʼz maʼruzalarida Isajon Sulton hayoti va ijodi, uning millat adabiyotining rivoji, jahonga yuz tutishidagi alohida oʼrni haqida toʼxtalishdi.
Fargʼona farzandi, bugungi kundagi oʼzbek nasrining yirik vakillari safidan joy olgan adib Isajon Sultonning “Alisher Navoiy”, “Boqiy darbadar”, “Ozod” singari romanlari, “Bilga Hoqon”, “Munojot”, “Onaizorim” kabi qissalari, shuningdek, 2 tomlik tanlangan asarlar toʼplamiga jam boʼlgan 60 dan ortiq hikoyalari oʼzbek adabiyoti rivojida yangi davr boshlanganini koʼrsatadi.
Uchrashuvda talaba yoshlar Isajon Sultonning koʼplab asarlarini katta qiziqish bilan mutolaa qilganlari haqida soʼzlashdi, yozuvchiga oʼzlarini qiziqtirgan savollar bilan yuzlanishdi.
Yurtimizda kitobga, umuman, adabiyotga boʼlgan yuksak eʼtibor bor ekan, millat maʼnaviyati yanada barkamol boʼlib boraveradi. Аdabiyot bayramlari har bir kitobsevar yosh qalbida davom etadi.
Farg’ona davlat universiteti matbuot xizmati.