Farg'ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc 03/30.12.2019.FIL. 05.02 raqamli Ilmiy Kengashda Yulchiyev Qahhor Vahobovichning filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan "Hozirgi o'zbek she'riyatida makon va vaqt kategoriyasi" mavzusidagi dissertatsiyasi himoyasi bo'lib o'tmoqda.
Olim oʼzining mazkur tadqiqotini kichik lirik sheʼrlar misolida ochib bergan. U professor Y.Solijonov ilmiy rahbarligida “Oʼzbek sheʼriyatida birlik va uchlik sheʼr poetikasi” mavzusidagi (PhD) dissertatsiyasini himoya qilgan edi.
Ilmiy ishlarida birinchilardan boʼlib oʼzbek sheʼriyatidagi birlik va uchlik sheʼrning janriy xususiyati, ushbu janrlar genezisi, taraqqiyoti, tasnifi va poetikasini ilmiy asoslab bergan. Tadqiqot jarayonlarida oʼzbek birlik va uchliklarining grek, ispan, koreys, rus, turk, tuva, xitoy, yapon kabi xalqlar sheʼriyatidagi kichik lirik janrlari bilan qiyoslab, oʼzbek sheʼriyatini jahon adabiyotining tarkibiy qismi sifatida umumiy shakliy-uslubiy oʼzgarishda faol ekanligi, xalq badiiy tafakkuriga binoan jahon sheʼriyatidagi farqli jihatlar mavjudligini aniq faktlar bilan isbotlagan.
Ilmiy tadqiqotlari yuzasidan 100 dan ortiq ilmiy ishi nashr etilgan. Shulardan 4 ta monografiya, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 50 ta maqola, jumladan, Makedoniya, Avstriya, Kanada, Rossiya, Ozarbayjon, Polsha, Turkiya, Ukraina, Hindiston kabi mamlakatlardagi nufuzli ilmiy jurnal va xalqaro toʼplamlarda nashr etilgan.
Qahhorjon Yoʼlchievning “Poetik olam sirlari” (2012, Akademnashr) nomli Anvar Obidjon birlik va uchliklari tahliliga bagʼishlangan birinchi monografiyasi AQShning Indiana universiteti kutubxonasida oʼzbek adabiyoti boʼlimida saqlanadi va talabalar tomonidan yangi Oʼzbekiston adabiyotidagi ilmiy qarashlarni oʼrganishda foydalaniladi.