Mamlakatimizda har tomonlama puxta bilimli, ayniqsa, xorijiy tillarni mukammal oʼzlashtirgan salohiyatli kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Zotan, davlatimiz rahbari tomonidan oliy taʼlim muassasalari oldiga qoʼyilgan eng muhim talablardan biri yoshlarni xalqaro bilim va koʼnikmalarni egallashlariga sharoit yaratishdir.
Fargʼona davlat universiteti qoshida xorijiy tillarni oʼqitishga markazining tashkil etilishi ham ana shu ezgu maqsadni koʼzda tutadi.
Bugun universitetning Chet tillari va Xorijiy til: ingliz tili va adabiyoti fakultetlari binosida joylashgan Inspire-U Academy til markazining tantanali ochilish marosimi boʼlib oʼtdi.
Marosimda soʼz olgan Fargʼona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadov mazkur xorijiy tillarni oʼqitish markazining faoliyati professor-oʼqituvchilari va talaba yoshlarning eng nufuzli dunyo tillarini puxta va samarali oʼrganishlarga katta koʼmak berishini taʼkidladi.
Ramziy lentalar qirqilgach, universitet rektori boshchiligidagi mehmonlar, fakultetlar dekanlari, dekan oʼrinbosarlari, professor-oʼqituvchilar va talabalar markaz faoliyati, unda yaratilgan sharoitlar, oʼquv-ilmiy imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Endilikda Inspire-U Academyda barcha uchun ingliz, rus, fransuz, nemis, yapon, koreys tillarini professional darajadao’rganish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, markazda bolalar uchun ingliz tili (rus, o'zbek va ingliz tillarida),Writing va speaking clubs, Reading va listening clubs ham faoliyat olib boradi.