Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentning 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi"ga asosan respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarining bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʼtishi rejalashtirilgan. Oʼtgan oʼquv yilida 33 ta oliy taʼlim muassasasi shu tizimga oʼtgan boʼlsa, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan joriy yil barcha oliy taʼlim muassasalarining 1-kurs talabalari shu tizim asosida oʼqitilishi yoʼlga qoʼyildi.
Respublikamizda kredit-modul tizimini keng joriy etish orqali taʼlim sohasini oʼziga xos xususiyatlarini inobatga olib, bosqichma-bosqich mukammallashtirishga yoʼnaltirilgan.
Jumladan, Fargʼona davlat universitetida ham mazkur tizim joriy etilgan boʼlib, u orqali oliy taʼlimning amaldagidan koʼra ancha mukammal, zamonaviy oʼlchov birligi olib kirildi.
Shu munosabat bilan universitetda kredit-modul hamda taʼlim jarayonini boshqarish elektron tizimi (HEMIS)da ishlash boʼyicha professor-oʼqituvchilar malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Fargʼona davlat universiteti Taʼlimning kredit-modul tizimini boshqarish sektori va Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan barcha fakultetlar uchun seminar-treninglar olib borilmoqda.
Belgilangan reja asosida oʼtkazilayotgan navbatdagi seminar-trening universitetning Chet tillari, Harbiy taʼlim, Mevachilik va uzumchilik fakultetlari professor-oʼqituvchilari ishtirokida boʼlib oʼtdi.
Unda universitet prorektori R. Shukurov, Taʼlimni kredit tizimini boshqarish sektori bosh mutaxassislari А.Tojaliyev, S.Muhamadaliyev, M.Qurbonovlar tomonidan yangi oʼquv tizimining muayyan tamoyillari tushuntirib oʼtildi. Yangi tizimning talabaga yoʼnalishli taʼlimni tashkil etish, taʼlimda shaffoflikka erishish, moslashuvchanlikni kuchaytirish, talabalar mobilligini kuchaytirish kabi jihatlari keng tahlil qilindi.
Аytish kerakki, universitetda kredit-modul tizimini tashkillash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Seminar-treningda taʼkidlanganidek, talabalarni baholash tizimi, faoliyatini nazorat qilib borish avtomatlashtirilgan “HEMIS” dasturi orqali nazorat qilib boriladi. Bunda talabani dars mashgʼulotlariga qatnashishi, mashgʼulotlar davomida olgan nazorat natijalari, mustaqil ishlari barchasi shu dasturda mujassamlashtirilgan.
Mazkur seminar-trening orqali ishtirokchilar bu boradagi barcha bilim va koʼnikmalarga ega boʼldilar.