Butun kuch va salohiyatimizni yagona ulug‘ maqsadimiz – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratamiz.
SH.Mirziyoyev
Barchamizga ma’lumki, 2022-yilning 1-15-yanvar kunlari Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilmoqda.
2022-2026.strategy.uz saytida farmon loyihasi, taraqqiyot strategiyasi va yo‘l xaritasi joylashtirilgan bo‘lib, fuqarolar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini qoldirish imkoniyati yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Mazkur siyosiy huquqdan foydalanib, fuqarolik pozitsiyamizni namoyon etib bevosita jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok etishimiz kerak. Nega deganda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘lgan taraqqiyot strategiyasi – inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali demokratik Yangi O‘zbekiston davlatining keyingi taraqqiyot yo‘lini belgilab beradi. Shu ma’noda, men ham mamlakatimizning keyingi taraqqiyoti va istiqbolini bunyodkorlari qatorida Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ga o‘z takliflarimni yubordim. Jumladan, “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” yo‘nalishining 1-maqsad – mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, 10-maqsad – davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, 12-maqsad – ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish” yo‘nalishi 68-maqsad – aholiga axborot-kutubxona xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish
hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasi ro‘yobga chiqarish bo‘yicha7 ta taklif bilan muhokamada ishtirok etdim.
Zero, buyuk bobomiz Amir Temur ta’kidlaganlaridek, “Millatning dardiga darmon bo‘lmoq – chin vazifangizdir”.
Ana shunday chin vazifalarni bajarish va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda, jumladan jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok etib, dolzarb takliflarni bildirishda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari jonbozlik ko‘rsatishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Men Yangi O‘zbekistonni, obod va farovon demokratik mamlakatni, Uchinchi Renessansni barpo etishda pedagoglar, professor-o‘qituvchilar, ijodkor ziyolilarni eng katta kuch, tayanch va suyanch deb bilaman”.
Muhtaram Yurtboshimizning ishonchlarini oqlab, Yangi O‘zbekistonнинг 2022-2026-yillarda taraqqiyot yo‘liini belgilab beruvchi muhim siyosiy hujjat qabul qilinishida faol ishtirok etaylik.
Rajabov O‘tkirjon Xursanaliyevich
Farg‘ona davlat universiteti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i