Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 341
  • Ko`rib chiqilganlar 307
    • Takliflar 49
    • Arizalar 257
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni: “VАTАNIM TАYANCHIMАN!”

16:27, 14.01.2022      


Fargʼona davlat universitetida Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi hamda 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni”ga bagʼishlangan “VАTАNIM TАYANCHIMАN!” shiori ostida tantanali bayram tadbiri oʼtkazildi.

Qutlugʼ sanaga bagʼishlangan tadbirni universitet yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektori Foziljon Otaqulov ochdi va Fargʼona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadovning bayram tabrigini oʼqib eshittirdi.

“Bugun mustaqil yurtimizda mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinchligi va osoyishta hayotini ishonchli himoyalashga qodir boʼlgan, zamonaviy qurol-yarogʼ va harbiy texnika bilan yaxshi taʼminlangan milliy Mudofaa tizimi barpo etilganligi har birimizga gʼurur va iftixor bagʼishlaydi”, deyiladi rektor tabrigida.

Vatan himoyachilari kuni va Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan tayyorlangan, harbiy vatanparvarlik ruhidagi videoroliklar namoyishi yigʼilganlar qalbida tinchlik neʼmatiga shukronalik, Vatanga sadoqat hissini yanada joʼsh urishiga xizmat qildi.

Tabrik uchun soʼz olgan Harbiy taʼlim fakulteti boshligʼi, polkovnik Ixtiyor Saidov mamlakatimiz mudofaa qudrati hamda Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini yanada takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlar haqida gapirib, barchani bayram bilan qutladi.

Qutlugʼ sana munosabati bilan bir guruh ofitser-oʼqituvchilar hamda professor-oʼqituvchilar universitet rektorining “Faxriy yorligʼi”, esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandilar.

Sanʻatshunoslik fakulteti tomonidan tayyorlangan musiqiy-kompozitsion dastur barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.