Joriy yilning 28-yanvar kuni Farg‘ona davlat universitetining 5-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda yo‘riqnoma hujjatlar ijrosi, magistratura va sirtqi bo‘limlarda o‘quv jarayonining tashkillanishi holati, kafedralarning chet elning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligini mustahkamlash, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili hamda boshqa muhim masalalar kun tartibida bo‘ldi.
Yig‘ilish avvalida ilmiy darajalarga erishgan bir guruh professor-o‘qituvchilarga universitet rektori, pedagogika fanlari doktori, professor - Bahodirjon Shermuhammadov tomonidan diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, professor Siddiq Mo‘minovga Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi ko‘krak nishoni topshirildi. Birgina yig‘ilishning o‘zidayoq 4 nafar fan doktoriga diplom topshirilishi jarayoni universitet tarixida birinchi marta bo‘lib o‘tayotgani barcha uchun quvonarli bo‘ldi.
Yig‘ilishda universitet rektori B.Shermuhammadov tomonidan alohida ta’kidlanganidek, joriy yilning 26-yanvar kuni Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan davlat va jamiyatimiz hayotining barcha sohalari qamrab olingan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi - mazkur oliygoh jamoasi oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
“Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi mohiyati, islohotlarning tub mazmunida jamoaning har bir a’zosi, har bir talabaning manfaatlari mujassam. Shu bois, mazkur islohotlar targ‘iboti va Davlat dasturi ijrosi borasida bizning mas’uliyatimiz katta”, - deydi o‘z so‘zida - FarDU rektori.
Kengash yig‘ilishi davomida oliygohning turli sohalardagi yillik faoliyati muhokama etilar ekan, Farg‘ona davlat universiteti bugungi kunda yirik islohotlar va amaliy natijalar makoniga aylangani yaqqol namoyon bo‘ldi.