Universitet rektori, pedagogika fanlari nomzodi, professor - Bahodirjon Shermuhammadovning navbatdagi tashrifi Zootexniya fakultetida bo’ldi. Professor-o’qituvchilar bu uchrashuvni samimiyat bilan kutib olar ekanlar, rahbar tomonidan fakultetlarda o’zaro muloqotlar tashkil etilayotganligidan mamnun ekanliklarini e’tirof etdilar.
Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi, zooinjeneriya, zooagronomiya yo‘nalishida malakali kadrlarni tayyorlab kelayotgan mazkur fakultet Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan bundan to’rt yil avval tashkil etilgan edi. Endilikda fakultetning alohida o’quv binosi, o’quv-tajriba uchastkalari, tajriba klasterlari mavjud. Talabalar, yosh ilmiy tadqiqotchilar bilimi va tajribalarini oshirish uchun barcha sharoitlar yaratib kelinmoqda.
Suhbat chog’ida ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish, yoshlarda g’ayrat va intiluvchanlik, shukronalik, vatanparvarlik, g’urur, sadoqat, o’z ta’lim dargohiga, ustozlarga hurmat tuyg’ularini oshirish vazifalari qayd etildi. Shuningdek, jamoaning har bir a’zosiga vijdonan, sidqidildan ishlash, ahillik, tartib-intizom bilan sog’lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ta’magirlik, korrupsiya holatlariga yo’l qo’ymaslik borasida rektorning muhim tavsiyalari berildi.