Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 341
  • Ko`rib chiqilganlar 307
    • Takliflar 49
    • Arizalar 257
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

“Beparvolikmi yoki ...”

18:50, 22.02.2022      

Yong‘in, chaqnash va is gazidan zaharlanish, uni keltirib chiqaruvchi omillar, ehtiyot choralari haqida

Qishning nafasi sezilishi bilanoq issiqlikka bo‘lgan talab ortishi tabiiy. Shu bois kuz¬-kish mavsumida ayrim fuqarolarning ehtiyotsizlik, beparvoliklari oqibatida yong‘inlarning sodir bo‘lishi boshqa davrlarga nisbatan ko‘proq qayd etiladi. Yong‘inlar asosan yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik, nosoz gaz va elektr, isitish uskunalaridan xavfsizlik qoidalariga zid ravishda foydalanish, tutun yo‘llarining o‘z vaqtida tozalanmasligi kabi sabablar bilan sodir bo‘layotgani achinarli. Kuz-qish mavsumida yong‘inlar sodir bo‘lishi ortishi bilan chaqnash, is gazidan zaharlanish holatlari ham ortmoqdaki, bu barchamizni xushyorlikka chorlashi darkor. Gaz uskunalaridan foydalanish tartibi, xavfsizlik talablariga amal qilmaslik, isitish uskunalariga beparvo munosabat o‘zidan mash’um iz qoldirishi, insonlar hayotiga chek qo‘yishi bilan ham og‘riqlidir. Tabiiy gazning tarmoqdan o‘chib qolishi, bu holatda elektr uskunalarini yoqish yoki o‘chirish oqibatida to‘plangan gaz-havo aralashmasining chaqnashini yuzaga keltirishi, iz gazidan zaharlanishga olib kelishi va bular inson hayoti va sog‘ligi uchun xavfli ekanligi haqida ko‘p gapiriladi. Shunday bo‘lsada loqaydlik, beparvolikka chek qo‘yilmayapti. Farg‘ona shahrida 2021 yilda 3 ta va 2022 yil yanvar oyida 1 ta favqulodda vaziyatlar holati qayd etilgan:

2022 yil 14 yanvar kuni Farg‘ona shahar, Istiklol MFY, A.Qodiriy ko‘chasi, 43-uy, 44-xonadonda balkonda avtonom ravishda o‘rnatilgan isitish gaz qozonida chala yongan gaz sizib chiqqan is gazidan 3 nafar insonlar vafot etgan.

Yong‘inlar, chaqnash va is gazidan zaharlanish holatlari haqida gap ketganida avvalo ularni keltirib chiqaruvchi sabablar haqida ham to‘xtalib o‘tish zarur. Aholi tomonidan turli chet davlatlarda ishlab chiqilgan nostandart va qo‘lbola moslamalar yordamida gazdan xavfsiz, yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda tabiiy va suyultirilgan gazlardan foydalanish holatlari uchrab turibdi. Bu esa gaz va havo aralashmasining chaqnashi, yong‘in va is gazidan zaharlanish kabi noxush holatlarga sabab bo‘layapti. Gaz so‘rg‘ich moslamasi o‘rnatilganda gaz quvuridagi bosimda notekisliklar yuzaga kelishi, rezina shlanglardan gaz sizib chiqishi natijasida xonaga gaz to‘planishi, oqibatda gaz va havo aralashmasining chaqnashiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, gaz taqsimlash qurilmalariga o‘rnatilgan gaz so‘rg‘ich moslamasi butun bir mahallaga gazning bir maromda yetib bormasligiga olib keladi. Bunday holatni ko‘pchilikning, mahalla ahlining rizqiga, haqqiga xiyonat sifatida baholash mumkin.

Is gaziga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, is gazi (uglerod oksidi SO) – bu rangsiz, ta’msiz, hidsiz zaharli gaz bo‘lib, asosan gazlarning chala yonishi natijasida ajralib chiqadi va insonlar hayotiga xavfli ta’sir etadi. Is gazi (SO) – yer yuzida energiyani jadal ishlatilishidan yuzaga keladigan, tabiatan eng ko‘z tarqalgan zaharlovchi gazlardan biridir. Qazib olinadigan yoqilg‘ilarning to‘liq yonmasligi is gazining bosh manbaidir, u asosan tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik moddalarning chala yonishidan hosil bo‘ladigan gazdir. Is gazi inson organizmining nafas yo‘llari va nafas a’zolariga kuchli ta’sir qiladi. Nafas yo‘llari orqali organizmni, xususan, markaziy asab sistemasini zararlaydi. Is gazi – kuchli zaharli gaz bo‘lib, organizmga kirganda qondagi gemoglobinning kislorod tashish xususiyatini yo‘qotadi, zaharlanish organizmda kislorod yetishmasligini keltirib chiqaradi. Is gazidan zaharlanganda insonning qulog‘i shang‘illaydi, boshi og‘riydi, behuzurlik sezadi, qattiq zaharlanganda yuz terisi ko‘karib (sianoz), ko‘z qorachig‘i kengayadi, tirishishi, hushidan ketishi va vafot etishi mumkin. Is gazi to‘plangan havodan nafas olganda is gazi qonga, qondan o‘pkaga va to‘qimalarga o‘tadi. Odam is gazi to‘lgan yopiq muhitda:

a) is gazi havo tarkibida 0,01-0,05 % bo‘lganda 2 soatda;

b) is gazi havo tarkibida 0,2-0,3 % bo‘lganda 30 minutda;

v) is gazi havo tarkibida 0,5-0,8 % bo‘lganda qisqa vaqt ichida hayot uchun xavfli darajada zaharlanadi.

Agarda xonadoningizda tabiiy gaz hidini sezib qolsangiz, darhol eshik va derazalarni ochib, xonani shamollating, gaz plitalari va isitish pechlarini gaz tarmog‘idan o‘chiring. Xonada elektr jihozlarini yoqmang, yoniq bo‘lsa o‘chirmang. Xonadoningizda shunday holatlar yuz bersa “104” telefon raqami orqali gaz ta’minoti idoralarining avariya-ta’mirlash guruhiga, “101” telefon raqami orqali yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar bering.

Bizning aytar so‘zimiz bitta - BEPARVO bo‘lmang. Beparvolik ko‘plab noxushliklarga, ortga qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishini yuqoridagi misollarda ham keltirib o‘tdik. Xulosa chiqarish esa Sizdan.

Ravshan Xolmatov,

podpolkovnik

Farg‘ona shahar FVB

boshlig‘i o‘rinbosari