Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 340
  • Ko`rib chiqilganlar 305
    • Takliflar 49
    • Arizalar 256
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

Farg‘ona davlat universiteti: “fuqarolar murojaati hamisha e’tibor markazida”

11:28, 30.03.2022      

Xalq bilan ochiq muloqot olib borish va inson manfaatlarini himoya qilishning samarali tizimi bu fuqarolar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishidir. Farg‘ona davlat universitetida ham ushbu yo‘nalishda alohida bo‘lim – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi faoliyat yuritmoqda.

Universitet jamoasi huquqlari himoyasi, talaba-yoshlar masalasi, ota-onalar, ularning murojaatlarini tegishli tartibda mahalliy hokimiyat vakillik organlari, davlat tashkilotlar rahbarlari, mansabdor shaxslarga to‘g‘ri yo‘naltirish kabi vazifalarda bo‘lim xodimlari puxtalik bilan ish olib boradilar.

«Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», «Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak». Prezident Shavkat Mirziyoyevning el-yurtimiz qalbi va ongidan chuqur joy olgan bu so‘zlari bugun nafaqat Farg‘ona davlat universiteti, balki, mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarish va islohotlarni harakatlantiruvchi qudratli kuchga, ta’bir joiz bo‘lsa, ularning g‘oyaviy o‘zagiga aylandi.

Bu borada oliygohda qilingan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, 2022-yil boshidan buyon fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning har biri diqqat markazida bo‘lib kelmoqda va ularni ijobiy bartaraf etish bo‘lim xodimlarining bosh maqsadidir.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti portali orqali kelib tushgan murojaatlar jami 10 donani tashkil etib, bulardan 2 tasi ijobiy hal etilgan va 8 tasi esa huquqiy tushuntirishlar orqali vakolatli organlarga yo‘naltirilgan.

Murojaatlar tasnifi borasida aytish mumkinki, ular asosan o‘qishni ko‘chirish, ishga joylashish kabi masalalarda ko‘proq kuzatiladi.

Universitet rektori nomiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib tushayotgan murojaatlar ijrosi ham bo‘lim nazoratida oxiriga, ijobiy bosqichga yetkaziladi. Bundan tashqari universitet rahbariyatining shaxsiy qabullari, fakultetlar dekanlarining sayyor qabullari, murojaatlar borasida mahallalar bilan ishlash, onlayn qabul, sayt, murojaat botlari, elektron pochtalar orqali amalga oshirilayotgan qabullarning har biri albatta o‘z yechimini topmoqda.

Ayni kunlarda asosiy e’tibor yoshlarni ish bilan ta’minlash, bo‘sh ish o‘rni so‘rab murojaat qilgan talabalar talabini qondirish masalalariga qaratilgan. Ularni foydali mehnat bilan band etish bo‘yicha esa natijalarimiz salmoqli.

Universitetning o‘zida hozirda 53 nafar talaba darsdan bo‘sh vaqtlarida rektorat bo‘limlari, fakultetlar dekanatlari va kafedralarda (uslubchi, kabinet mudiri, lobarant, kotiba, musaxxih va boshqalar) ish haqi to‘lanadigan turli vazifalarda faoliyat olib bormoqda. Til o‘rgatish markazida 12 nafar talabalar ingliz, nemis, fransuz, rus, koreys va yapon tillaridan kurs mashg‘ulotlari o‘tkazayotgan bo‘lsa, tabiiy fanlar laborantlar kursida umumta’lim maktablari uchun biologiya, kimyo va fizika fanlaridan laborant kichik mutaxassisini tayyorlash jarayonida 2 nafar talaba ishtirok etmoqda.

Shuningdek, “Mental arifmetika” hamda matematika fanidan “Milliy sertifikat” tizimiga tayyorlashga ixtisoslashgan kurslarga 5 nafar, psixologik xizmat markazi va sud-adabiyotshunoslik ekspertizasiga 3 nafar, tarjimonlik markazlariga 5 nafar, “Buxgalteriya hisobi” o‘quv kursiga 2 nafar, dasturlash innovatsion markaziga esa 6 nafar iqtidorli yoshlar jalb etilgan.

Oliygohning “Talaba sport klubi” qoshida sportning futbol, voleybol, basketbol, badiiy va sport gimnastikasi, kurash, taekvondo, yengil atletika, suzish kabi turlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ushbu to‘garaklarda 10 nafar talabalar trener yordamchisi sifatida ishlamoqdalar.

Aytish kerakki, talabalarimizda ilmiy-tadqiqot ishlariga bo‘lgan qiziqish yuqori. Shu sababli universitetdagi 23 ta ilmiy markazida ham talabalar ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Xususan, universitetda adras matosini to‘qish, kiyimlar tikish, kulolchilik mahsulotlarini tayyorlash, shuningdek, asalarichilik, dorivor o‘simliklardan shifobaxsh damlamalar tayyorlash va ularning savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyihalarda 18 nafar talaba ishtirok etmoqda.

2022-yildan boshlab Rishton tumani hokimligi buyurtmasi asosida “Badiiy kulolchilik” markazida rang tasvir, dastgohlik va badiiy kulolchilik ta’lim yo‘nalishlaridagi 120 nafar talaba ish bilan bandligi ta’minlandi.

Universitetning “Do‘stlik”, “Oqbilol” agrouchastkalari va Quvasoy shahar Sufon qishlog‘ida joylashgan o‘quv poligonlarida chorvachilik, asalarichilik, gulchilik, anorchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik hamda biogumus yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu tarmoqlarda 36 nafar talabalar, asosan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar ishlab kelmoqdalar. “Baliq hovuzlar uchun quyosh energiyasi asosidagi avtonom aerator” hamda “Baliqchilik xo‘jaliklarida baliq mahsuldorligini oshirishga qaratilgan kompleks ishlar loyihasi”da 5 nafar talaba ishtirok etmoqda.

Hozirda universitetning 3 va 4-kurs talabalari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha 233 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, 766 nafar umumta’lim maktablarida, kasb-hunar maktablari, texnikum, akademik litsey, barkamol avlod markazlari 56 nafar faoliyat olib bormoqdalar.

Shuningdek, viloyatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari, oliygoh atrofidagi tadbirkorlik subyektlarida ham bizning yoshlar o‘z ish o‘rinlariga ega. Ulardan 57 nafari bank tizimida, 93 nafari turizm va mehmonxona yo‘nalishida, 128 nafari xususiy o‘quv kurslarida, 28 nafari transport xizmati, 294 nafari turli tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish subyektlarida mehnat qilmoqdalar.