TALABA-QIZLAR DIQQATIGA!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli qarorining 102/2-bandiga asosan “a’lo” baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talaba-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalarining Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Qizlar uchun maxsus stipendiya” joriy etilgan.
Maxsus stipendiya o‘quv semestri yakuni natijalariga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali "kam ta’minlangan oila" deb e’tirof etilgan oila a'zosi bo‘lgan talaba-qizlarga tayinlanadi va to‘lanadi.
Maxsus stipendiya talaba-qizlarga oliy ta’lim muassasalarida umumiy shartlarda beriladigan stipendiya saqlab qolingan holda stipendiyaning bazaviy miqdori (517 880 so‘m)da qo‘shimcha tarzda oyma-oy to‘lanadi.
Hurmatli talaba-qizlar!
Agarda Sizning ko‘rsatkichlaringiz ushbu mezonlarga mos kelsa, 2022-yil 10-aprelga qadar quyidagi hujjatlarni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga taqdim etishingiz so‘raladi.
1) 2021-2022-o‘quv yilining kuzgi semestrini barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lganligini tasdiqlovchi reyting daftarchasidan tasdiqlangan nusxa;
2) “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali "kam ta’minlangan oila" deb e’tirof etilgan ma’lumotnoma.