Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 339
  • Ko`rib chiqilganlar 305
    • Takliflar 49
    • Arizalar 255
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

O'ZBEKISTONDAGI HINDISTON ELCHIXONASI TOMONIDAN FARG`ONA DAVLAT UNIVERSITETIDA HINDISTON O'QUV XONASI OCHILDI!

19:21, 11.04.2022      


Bugun Farg`ona davlat universitetiga bir guruh Hindiston delegatsiyasi vakillari tashrif buyurdilar. O'zbekistondagi Hindiston Elchixonasi tomonidan Farg`ona davlat universitetida Hindiston o`quv xonasining ochilishi munosabati bilan amalga oshirilgan ushbu tashrif har ikki tarafning chinakam do`stlik uchrashuviga aylandi. O'zbekona mehmondo`stlik qadriyatlari asosida, milliy kuylarimiz, doira sadolari ostida kutib olingan hindistonlik mehmonlarni universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi jamoa iliq qarshi oldi.

Ma`lumki, O'zbekiston va Hindiston xalqlari qadimdan mustahkam hamkorlik rishtalarini bog`lagan. Bu ko`hna o`lkada Boburiylar imperiyasiga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur - turkiy xalqlar va xind eli o`rtasida do`stlik, mehr-oqibat qadriyatlarga tamal toshini qo`yish bilan birga ularni o`zaro urf-odatlari, madaniyatidan ham bahramand eta olgan. Shu bois bugun mamlakatimiz va Hindiston o`rtasidagi xalqaro aloqalar o`zining kuchli tarixiy poydevoriga ega. Hozirda bu ikki mamlakat ushbu do`stona munosabatlarni rivojlantirgan holda hamkorlikning yuqori pog`onalari sari qadam tashlamoqdalar.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yildagi Hindistonga qilgan tashrifidagi mamlakat bosh vaziri Narendra Modi janobi oliylari O'zbekiston va Hindiston o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan olib borgan muzokarasi bunga yaqqol misoldir. Bugungi tadbir, ya`ni O'zbekistondagi Hindiston Elchixonasi tomonidan Farg`ona davlat universitetida Hindiston o`quv xonasining ochilishi ikki davlat o`rtasidagi nafaqat iqtisodiy, siyosiy, balki, madaniy va ta`limiy yo`nalishlardagi hamkorlikning yangi bosqichga ko`tarilganini aks etadi.

Kelgusida Hindistonning nufuzli universitetlari va Farg`ona davlat universiteti o`rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi va oliy ta`lim sohasida tizimli aloqalar yo`lga qo`yilishi, albatta, har ikki tomon yoshlari uchun manfaatlidir. Samimiy va ochiq muloqot ruhida olib borilgan muloqotda aynan ushbu rejalar xususida so`z bordi.

Delegatsiya a`zolari Farg`ona davlat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishgan holda, uning tarixi bilan qiziqdilar va oliygoh tuzilmasidagi “Qatag`on qurbonlari” muzyeyida ham bo`ldilar. Mehmonlar bu yerda nafaqat universitet tarixi, balki, Farg`ona viloyatining kechagi kuni, o`zbek xalqning ijtimoiy, madaniy hayoti, adabiy muhiti xususida ko`plab ma`lumotlarga ega bo`ldilar. Ular o`z taassurotlarini muzyeyning mehmonnoma tarixiy kitobida yozib qoldirdilar.

Uchrashuvning eng asosiy nuqtasida - universitetda Hindiston o`quv xonasining ochilish marosimi bayramona tus oldi. Endilikda mazkur Hindiston o`quv xona - ikki davlat yoshlarining o`zbek va hind tillarini o`rganishida, madaniy bilimlarini boyitishlarida o`ziga xos akselerator bo`lib xizmat qiladi.

Tadbir davomida hamkorlar yangi rejalar borasida fikr almashdilar. Jumladan, oliy ta`lim tizimida ikki mamlakat o`rtasida akademik almashinuvlar joriy etish, Hindiston ta`limi, madaniyati va san`ati haftaliklarini o`tkazib borish, Hindiston o`quv xonasi faoliyatini yanada rivojlantirish kabi masalalarda takliflar kengashildi.

Ochilish marosimi so`ngida taraflar o`zaro hurmat va ehtirom belgisi sifatida bir-birlariga esdalik sovg`alarini hadya etdilar. Ayniqsa, o`quv xonasi uchun hamkorlarimiz tomonidan taqdim etilgan zamonaviy o`quv-elektron vositalar, zarur adabiyotlar va darsliklar talaba-yoshlar uchun munosib tuhfa bo`ldi.