“Aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish borasida Farg‘ona davlat universiteti oldida turgan vazifalar”
Ma’lumki, joriy yilning 12 aprel kuni Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilish mazmun-mohiyati, unda qayd etilgan vazifalar ijrosida Farg‘ona davlat universitetining roli borasida bugun oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadov ushbu soha professor-o‘qituvchilari, olimlari, ilmiy tadqiqotchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Davlatimiz rahbari tomonidan qayd etilgan barcha vazifalar, mamlakatda dori vositalari ishlab chiqarish hajmi, besh yillik dastur ijrosi, sohada ishlarning bugungi holati universitet rektori tomonidan jamoaga yetkazilib, yig‘ilish maqsadi va mazmun-mohiyati sharhlab o‘tildi.
Rektor oliygohning Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishi faoliyatiga alohida e’tibor qaratgan holda yurtimiz aholisini sifatli va arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishda universitet professorlari, yosh ilmiy izlanuvchanlarni yaratuvchanlikka, tashabbuskorlikka da’vat etdi.
Uchrashuv so‘ngida oliygohning mahalliy farmatsevtika tarmoqlari bilan hamkorligi, hamkorlar ehtiyoj sezayotgan dorivor o‘simliklarni yetishtirish ishlarini rivojlantirish, bunga mos plantatsiyalar tashkil etish va sohani zarur texnologiya jihozlari bilan ta’minlash masalalari, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari atroflicha muhokama etildi.