Ma’lumki, ayni kunlarda viloyatimizda keng miqyosda "Kitobxonlik haftaligi" bo’lib o’tmoqda.
Viloyat axborot-kutubxona markazidan start olgan ushbu haftalik tantanalari katta festivalga aylangan holda bugun Farg’ona davlat universitetida quloch yozdi.
Oliygoh sahnaga tashkillangan kitob yarmarkasi, eng sara adabiyotlarni targ’ib etuvchi kitob shaklidagi qahramonlar chiqishlari talaba-yoshlarga ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi. Ayniqsa, tadbirda ishtirok etayotgan viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov boshchiligidagi bir guruh rahbariyat vakillari, viloyat faollari oddiy kitobxon sifatida yoshlar qatori badiiy kitoblar sotib olishlari talabalarga mamnuniyat bag’ishladi.
Yarmarkada nafaqat talabalar, balki viloyatdagi umumta’lim maktablari o’quvchilari ham ishtirok etdilar.
Tadbirda respublika va viloyat nashriyotlari, kitob do‘konlari tomonidan yoshlar eng ko’p o’qiyotgan kitoblar ommaga taqdim etildi. Eng quvonarlisi, festivalga elimiz ardog’idagi O’zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati - Iqbol Mirzo, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri - Enaxon Siddiqova va bir qator viloyatdagi taniqli ijodkorlar ham tashrif buyurdilar.
She’riyat ixlosmandlari bo’lgan yoshlar shu yerning o’zida shoir dasxatini kitoblarga muhrlab oldilar.