Farg'ona davlat universitetiga Vengriya qishloq xo'jaligi va hayotiy fanlar universiteti rektori Chaba Dyuricha boshchiligidagi delegatsiya vakillari tashrif buyurdi.
Delegatsiyani samimiyat va milliy qadriyatlarimiz asosida universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi jamoa kutib oldi.
Qabuldan so'ng o'zaro muzokaralar boshlanar ekan, rektor o'z kirish so'zida Vеngriya - O'zbеkistonning Еvropa Ittifoqidagi eng yaqin hamkorlaridan biri sifatida Farg'ona davlat universiteti uchun ham muhim ahamiyatga ega davlat ekanini ta'kidladi. Ayniqsa, 2021-yilning 30-mart kuni Vеngriya bosh vaziri Viktor Orbanning yurtimizga tashrifi o'zaro ikki tomonlama hamkorlikni stratеgik shеriklik darajasiga olib chiqqanligini bildirib o'tdi.
Farg’ona davlat universiteti hamda Vеngriya qishloq xo'jaligi va hayot fanlari univеrsitеti o'rtasidagi hamkorlik istiqbolli bo'lishi, bu doirada oliygohning qo'shma fakulteti faoliyatini yanada kengaytirish, natijada mamlakatda agrar tarmoqni kuchaytirish, kartoshkachilik, uzumchilik, bog'dorchilik, sabzavotchilik, anorchilik kabi yo'nalishlarni rivojlantirish, sohada kuchli mutaxassislarni tayyorlash, bakalavrlar, magistrlar, yosh ilmiy-tadqiqotchilar, professor-o'qituvchilarni akademik almashinuvlar orqali tajribalarini oshirish maqsadlari ko'zlanganligi uchrashuvda qayd etildi.
Shuningdek, hamkorlarimiz Vengriyada ko'plab o'zbekistonlik talabalarga ta'lim berayotganliklaridan mamnunliklari, bu ko'rsatkichni yanada oshirishga tayyorligini bildirdilar.
"... Hamkorlikni qaysi sohada oshirish kerak deb hisoblaysiz?"- deya savol berdi rektor Chaba Dyuricha.
Muzokaralar so'nggida o'zaro hamkorlikning do'stona ramzi sifatida mehmonlarda o'zbekona milliy to'n va do'ppi kiydirildi va esdalik sovg'alari taqdim etildi.
"Qatag'on qurbonlari" xotira muzеyidabo'lgan Vengriya qishloq xo'jaligi va hayotiy fanlar universiteti rektori jamoasi bu yerda oliygoh tarixi, Farg'ona vodiysi o'tmishi bilan qiziqdilar va har bir bo'limni batafsil tomosha qildilar.
Universitetda Vengriya o‘quv xonasining ochilish marosimi bayramona tus oldi. Endilikda mazkur o‘quv xona - Vengriya va O'zbekiston talabarining ona tillarini o‘rganishida, tarixiy-madaniy bilimlarini boyitishlarida asosiy bilim markazi bo‘lib xizmat qiladi.
Vengriyalik mehmonlar uchrashuv davomida universitet kampusi bilan yaqindan tanishib, yangi foydalanishga topshirilgan Pedagogika-psixologiya fakulteti binosi bu yerda faoliyat boshlagan "Nilufar" talabalar teatr studiyasi, gimnastika mashg'ulotlari zalida bo'ldilar.
Ma'lumki, mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan "Zakovat" o'yinini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor va mazkur yo'nalishda qabul qilingan qarorlar ijrosi asosida oliygohda zamonaviy ko'rinishda, haqiqiy aql bellashuvi atmosferasini namoyon etuvchi “Zakovat” intellektual o’yingohi tashkil etilgan.
Tashrif chog'ida mazkur maskanda oliygohning yosh ilmiy tadqiqotchilari, doktorantlari, professor-o'qituvchilari, olimlari ishtirokida innovatsion loyihalar taqdimoti bo'lib o'tdi.
Bunda Uzumchilik, anorchilik, dorivor o'simliklarni yetishtirish, qayta ishlash yo'nalishlarida yangi ilmiy izlanishlar ustida ish olib borayotgan tadqiqotchilar o'z loyihalari va rejalarini taqdim etdilar.
Jamoaning ilmiy salohiyati, innovatorliklaridan hayratini yashirmagan Vengriya Qishloq xo'jaligi va hayotiy fanlar universiteti rektori ularni Vengriyaga tajriba almashinuvga taklif etdi.
Shuningdek, Uzumchilik, mevachilik va sabzavotchilik qo'shma fakultetining Oqbilol agrouchastkasida bo'lgan mehmonlar yangi barpo etilayotgan tokzorlar, issiqxona, poliz ekinlari, o'rikzor, bog'dorchilik ishlari bilan tanishdilar hamda oliygohda o‘rgatilayotgan nazariy bilimlar muntazam ravishda amaliyot bilan chambarchast bog‘liq holda olib borilayotganligini guvohi bo'ldilar.
Tashrif yakunida delegatsiya a'zolari uzumchilik sanoatini keng rivojlantirish, mevachilik, sabzavotchilik tarmog'ini eskport salohiyati va xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, dunyo miqyosida milliy hunarmandchilikni viloyat brendi sifatida tanitish borasida Farg'ona viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarni o'rganib bordilar.
Mazkur yirik bunyodkorlik ishlarini jonli guvohi bo'lgan vengerlar universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadovga Farg'ona va Vengriya o'rtasida anor eksportini yo'lga qo'yish taklifini bildirdilar.