Bugun Farg‘ona davlat universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov boshchiligida Farg‘ona viloyatidagi oliy ta'lim muassasalari rahbarlari hamda prorektorlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Vazir mas'ullar bilan o‘zaro muloqotga kirishar ekan, dastlab ularning sohada olib borayotgan faoliyatlariga to‘xtaldi. Ish samaradorligi sezilmayotgan rahbarlarni o‘z faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqishlari hamda jonlantirish choralarini ko‘rishlari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
“Ilgari stajirovkalar, rektorlarning xorijga safari, akademik va tajriba almashinuvlari, grand loyihalarni amalga oshirish oson bo‘lmagan. Yana bir bor ta'kidlayman, tizimni takomilga yetkazish uchun o‘zimiz harakat qilishimiz zarur, – dedi vazir.
Shuningdek, oliy ta'lim sohasini mamlakat g‘ururi darajasiga ko‘tarish, ta'lim sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, korrupsiyadan tamomila holi tizim qilish – ezgu maqsadlar yo‘lidagi yakdillik ekani ta'kidlandi.
Yig‘ilish davomida Jismoniy tarbiya universiteti Farg‘ona filialida yoshlar masalalari bo‘yicha prorektor lavozimi hali ham vakant ekani tanqid qilindi.
Shundan so‘ng vazir universitetning "Qatag‘on qurbonlari" xotira muzeyida bo‘lib, bu yerda oliygoh tarixi, Farg‘ona vodiysi o‘tmishi, xususan, millatning kechagi armonlari, qatag‘on siyosati, "paxta ishi" borasidagi tarixiy materiallar bilan yaqindan tanishdi.
Vazir muzeyni ko‘zdan kechirish jarayonida universitet tashkil topganligining 100 yilligiga munosib hozirlik ko‘rish, ushbu muzey faoliyatini yoshlarga ko‘rsatib beruvchi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
So‘ng esa magistr va yosh tadqiqotchi doktorantlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, olimlarning ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etilayotgan yangi innovasion loyihalar taqdimoti bilan tanishildi, loyihalar bo‘yicha fikrlar tinglandi.
Bunda uzumchilik, anorchilik, dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash yo‘nalishlarida yangi ilmiy izlanishlar ustida ish olib borayotgan tadqiqotchilar o‘z loyihalari va rejalarini taqdim etdilar.