Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 340
  • Ko`rib chiqilganlar 305
    • Takliflar 49
    • Arizalar 256
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

Jannatmakon yurt uchun yonib yashamoq kerak

13:24, 31.08.2022      


TanlashRo‘yxatdan o‘ting

Bugun osuda kunlarimiz va boladek baxtiyor zaminimizga boqib, ona O‘zbekistonning qaddi kamoliga beixtiyor yurakning tub-tubidan shukronalar yog‘iladi. Zero, Vatanning osoyishta bag‘rida navqiron o‘g‘lonlarimiz, oqila qizlarimiz bexavotir va barkamol unib o‘smoqda.

Qalbida yurt ishqi, unga sodiqlik va munosiblik ahdini mahkam tutgan yosh avlod ham shu zamin, shu yurt uchun yuksak marralarga intilmoqda, g‘alabalarga erishmoqda. Zotan, oqqan daryo oqaveradi. Shu hislarni yurakdan tuygan kishi borki, dildagi nido tilga ko‘chadi – “bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor...”

Quloqlarim ostida jaranglayotgan “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans” kabi jumlalarni eshitganda mamlakatning odil va buyuk tarixi ko‘z o‘ngimda jonlanadi. Qadim 3 ming yillik tarixidan ayonki, “ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal” tafakkuri bilan yashagan, doim yuragida “erk” deya atalmish jilovsiz tuyg‘uni ulug‘lagan bu qoni qaynoq xalqning jasoratli To‘marislari, elining ozodligi uchun jon fido qilgan Shiroqlari, shijoatli alplari shu zaminni muqaddas bildi. Jahonga ilm ne ekanligini anglatgan, bilim ziyosini taratgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Abu nasr Farobiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi allomalarga beshik tebratgan bu ona yurt butun dunyoni ma’rifat bilan uyg‘otdi.

Asl bahodirlar, Manguberdilar, dunyoni qudrati bilan zir titratgan buyuk Sohibqironlar, ilmni kurrai zamindan falakka olib chiqqan Mirzo Ulug‘beklar, olamni “qalam bilan olgan” Navoiylar, Vatan qadri va sog‘inchi bilan yashagan Boburlarning ham qulog‘iga shu xalq alla aytdi. Kechagi O‘zbekistonning bugunga yuz tutishi, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy jihatdan yuksalish bosqichiga ko‘tarilishi oson bo‘lmadi. O‘tish davridagi murakkab va tahlikali davrlarni yodga olar ekanmiz, yaqin tariximizda sodir bo‘lgan, Turkiston o‘lkasini uyqudan “uyg‘otib” yubora olgan milliy-ozodlik harakatlari har bir vatandoshimiz vujudini to‘lqinlantiradi. Mustabid tuzum ichida turib, istiqlol bayrog‘ini dadil tuta olgan, erksizlikka murosasiz bo‘lgan milliy ozodlik kurashi boshchilarining asl maqsadi xalqimizdan yashirildi. Ularning yurt ozodligi, millat erki yo‘lida olib borgan milliy kurashi, istiqlolchilik harakatlariga “bosmachilik harakati” deya nom berilib, elimizning sheryurak qahramonlariga “bosmachi” tamg‘asi bosildi.

Millatga ozodlik, hurlik, mustaqillik, taraqqiyot munosib ekanligini namoyon qiluvchi ma’rifatparvar jadidlarimiz esa tarixga unutilmas siymolar sifatida muhrlandi. Mustamlaka jafosini chekkan xalqimiz yelkasiga oftob tegishi uchun ne-ne kunlarni boshdan kechirdi. Bu voqeliklar shundan darak beradiki, Yangi O‘zbekiston orzusi – kechagi istak emas. O‘zining chuqur ildiz tomirlariga ega hurlik strategiyasi, millat hohish-irodasi hamisha yurtdoshlarimiz tomirida oqqan qon kabi jo‘sh urgani ayni haqiqatdir. Haybatli tog‘laru, qorong‘i dovonlar mardonavor bosib o‘tildi. Muhimi, shu kunlarga xalqimiz yorug‘ yuz bilan, yorug‘ istiqbol bilan, yorqin natijalar bilan yuzlashdi. Shukrki, qadam bossak, bizni yelkasida ko‘tarib turgan bu tuproqni – Vatanni iliq taftini, onadek suyuk mehrini his etamiz va uning bag‘rida yashamoqdamiz.

Saodatli kunlar yolqini

Baralla aytish kerakki, mustaqillik bizga o‘zbekona orimiz, hamiyatimiz, milliy nomusimiz, xalqimizga ajdodlarimizning azaliy orzusi sanalgan o‘zligimizni anglash saodatini, iymon va e’tiqodimizni qaytarib berdi. Istiqlol ne’matiga misqollangan mehnat, millionlab qalblardan chiqqan tilak, ajdodlarning qurbon bo‘lgan erki, gul taqdiri evaziga erishgan xalqimizni yaratgan ham munosib yo‘lboshchi bilan siylagani bugun bashariyat ko‘z o‘ngida o‘z hayotiy tasdig‘ini topmoqda. Dunyo nigohida kun sayin, soat sayin taraqqiy etib borayotgan ozod va obod O‘zbekiston – yurtdoshlarimizning hamjihatligi, bunyodkorlik yo‘lidagi mehnatlari hamda Prezidentimizning odilona siyosati natijasida olamshumul yutuqlar, yuksak marralarga erishmoqda. Aytish kerakki, o‘tgan qisqa vaqt ichida jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi yangilandi. Yurtdoshlarimizning dunyoqarashi o‘zgardi, ular hayotga katta ishonch va umid bilan qarashni o‘rgandilar. Odamlarni rozi qilish tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etgan davrda vatandoshlarimizning ham yurt taqdiriga daxldorlik hissi balandladi.

Ulug‘ mutafakkir, davlat arbobi, so‘z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy zikr qilganidek, “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” satrlari, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan insonparvar islohotlar mohiyatida aks etmoqda. Mamlakatimiz miqyosida “Xalq manfaati – hamma narsadan ulug‘!” degan shior asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, kundan-kunga yangi kelinchakdek chiroy ochib borayotgan uzoq va yaqin shahar, tuman hamda qishloqlarga boqib, ko‘rishimiz mumkinki bugun olis hududlar ham farovonlik oshyoniga aylangan. Bugun eng ulug‘, eng aziz bayram – o‘zlikning chin tantanasi, jonajon O‘zbekistonimizning 31 yillik mustaqillik to‘yini nishonlamoqdamiz. Bu 31 yilning har bir kuni va daqiqasi yurtimiz hayotiga asrlarga teng o‘zgarishlar, yangilanishlarni olib kirdi. Ayniqsa, yaqin o‘tgan yillar yurtimiz tarixida tub o‘zgarishlar amalga oshirildiki, o‘zbek eli bugun – qadri va qimmati ulug‘, huquq va erkinliklari oliy, mehnati aziz xalq bo‘lib birlashdi.

Dono xalqimizda “Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni” degan ajoyib naql bor. Bugun dunyo bilan bo‘ylashib bilimi, tarbiyasi, go‘zal axloqi bilan millionlardan o‘zayotgan yoshlarimiz ayni ular uchun yaratilgan imkoniyatlar mamlakatida yashamoqda desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz. “Yangi O‘zbekiston”ning asl bunyodkorlari sanalmish yoshlarning iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, bu yo‘lda ularni qo‘llab-quvvatlash, erkinliklar yaratish bugungi islohotlarning bosh mezoniga aylangan. Bunda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani, o‘g‘il-qizlarimizning ijtimoiy faolligi ortayotgani, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchaygani, islohotlarda kichik avlodning munosib ishtiroki sezilayotgani ayniqsa, quvonarlidir.

Shu bois, bugungi yoshlar tarbiyasi, ularning yurtga sadoqati, vatanparvarligi muhim vazifa sifatida diqqat markazda turibdi. Aytish kerakki, Uchinchi Renessansning “to‘rt uzviy halqasi” deya e’tirof etilgan maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarda faoliyat olib borayotgan ziyolilarning eng birinchi vazifasi ham Ona Vatanga sodiq, yurtparvar, xalqparvar yoshlarni tarbiyalab berishdir, aslida. E’tirof etish kerakki, yaqinda yurtimiz bo‘ylab keng nishonlangan Yoshlar kunida farzandlarimizga bir qator yangi imtiyozlar taqdim etildi. Jumladan, musiqa san’atiga qiziqishi baland bo‘lgan yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab maqom xonandaligi, maqom cholg‘u ijrochiligi va baxshichilik yo‘nalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning shartnoma to‘lovlari to‘liq davlat tomonidan to‘lab berilishi, texnikumlarga qabul yilda 2 marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobar oshirilishi, xususiy ta’lim muassasalarida IT texnologiyalari bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan yoshlarga 20 million so‘mgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Endilikda har yili oliygohlarning sirtqi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan 500 nafar eng faol yoshlar yetakchilarining kontrakt to‘lovlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab berilishi hamda “Yosh rahbar kadrlar zaxirasi” shakllantirilib, uning 30 foizi yoshlar yetakchilari hisobidan to‘ldirilishi ham boshqaruv tizimida yoshlarning o‘rni va ahamiyatini oshiradi. Shu bilan birga "Zamonaviy maktab" loyihasi doirasida Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, ijod maktablari, qayta isloh etilgan professional ta’lim, ko‘payib borayotgan xususiy va xorijiy oliygohlar bugun qancha yoshlarni bag‘riga olmoqda. Ne baxtki, ularni har qadamida Prezident madadi va mehri qo‘llamoqda. Iqtidorli yoshlar uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medallari, iste’dodli qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti...Bularni sanayversangiz, e’tibor va mehrning adog‘i yo‘qday. Mamlakatni qamrab olgan yangilanishlar to‘lqini O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini ham kuchli tizimga aylantirmoqda. Tizimda sifat va samaradorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabaning tarbiyasi, o‘zlashtirayotgan bilimi sifati, bitiruvchining mehnat bozorida egallaydigan o‘rni birinchi darajaga ko‘tarilgan. Shiddat bilan egallangan bu yutuqlarga qanday erishildi, degan haqli savol tug‘iladi.

Asosiy sabablardan biri – ta’lim qonunchiligida amalga oshirilgan o‘zgarishlar tizim taraqqiyoti uchun katta turtki bo‘ldi. Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, unga binoan, oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat universitetlar faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, ko‘plab oliygohlarni bosqichma-bosqich xalqaro reytingda TOP-1000 ga kiritish, ularda o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish, akademik mustaqilligini ta’minlash, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish, oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish, oliygohlarni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash yo‘nalishlarida ishlar tezkor boshlanib ketdi.

Xususan, Prezidentimizning 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham o‘z vaqtida va o‘rnida O‘zbekistonning 37 ta oliygohi uchun manfaatli bo‘ldi. Chunki bozor munosabatlari sharoitida erkin va mustaqil bo‘lgan raqobat – tizimga innovatsiya yangiliklarini kiritish asosidagina mamlakatni ichki va tashqi mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlay oladi. Ayniqsa, ushbu tizimning uzoq yillar oyog‘iga kishan bo‘lgan illat – korrupsiya ildizlari quritib tashlandi. Respublika oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan, oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirilishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi hamda amaliyotga tatbiq etilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini joriy etilishi eng muhim o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.

Endilikda har bir oliy ta’lim muassasasining korrupsion illatlarga qarshi kurashuvchi o‘z ichki “organi” bor. Oliygohlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, oliy ta’lim tizimida jarayonlarni avtomatlashtirish, byurokratik to‘siqlar yuzaga kelishini oldini olish va moliyaviy xarajatlarni qisqartirish maqsadida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS) ishlab chiqildi, hujjatlarni onlayn shaklda qabul qilish, abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida 5 tagacha oliy ta’lim muassasasi uchun tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati berildi, https://imtihon.edu.uz/ platformasi joriy qilinib, onlayn translyatsiya yo‘lga qo‘yildi. Talabalar o‘qishini ko‘chirish va tiklash bo‘yicha barcha bosqichlarni ochiq amalga oshirish maqsadida arizalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonlari uchun maxsus avtomatlashtirilgan onlayn dastur joriy qilindi. Ayniqsa, magistratura bosqichiga qabul jarayonlari abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshirilishi katta ehtimoli bo‘lgan korrupsion holatlar ildiziga bolta urdi.

Xususan, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi O‘zbekiston bo‘ylab qanchadan-qancha ayollarimiz, qizlarimiz xonadonlarini quvonchga to‘ldirdi. Eng quvonarlisi, kuni kecha Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha oliygohlarda qoraqalpog‘istonliklar uchun alohida 6,5 mingta qabul kvotalari joriy etilishi e’lon qilingani – jondosh xalqimiz yoshlariga qaratilgan yuksak g‘amxo‘rlikni ko‘rsatib berdi. Yoshlarimiz bahramand bo‘layotgan bunday imkoniyatlarni ko‘rib, paxta dalasida qolib ketgan orzu-havaslar, ko‘saklar ustidan yoqqan qor parchalari ostiga yashiringan bolalik ko‘z o‘ngimdan o‘tadi.

Talabalik sharafiga erishgan yoshlarimiz, qadrli ustozlarimiz ta’lim dargohiga qadam qo‘yishdan oldin hozir shirin hayajonda bo‘lsalar, bundan olti yil muqaddam qadr-qimmati majburiy mehnatda egilgan o‘qituvchilar o‘quv yili boshidanoq paxta dalasida yuborilar edi. Shukrki, endi ustozning qadri baland va qaddi tik. Bugun u o‘z ustida ishlagan, sohasini mukammal bilgan, sharafi ulug‘langan kasb egasidir. Bu o‘zgarishlar albatta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jasorati, qat’iyati bilan amalga oshdiki, bugun hayotimizda majburiy mehnat degan tushuncha o‘z ma’nosini yo‘qotdi. Demakki, baxtli bolalik, gullagan yoshlik damlari, farovon hayot, Vatanning erki, oqil yo‘lboshchisi taqdirlari o‘zaro tutash ekanligi – haqiqat. Demakki, jannatmakon yurt baxti uchun, odil xalqboshiga chin yelkadosh bo‘lish uchun, Vatan ishqi cho‘g‘ olgan yurak zarbini his etish uchun, millat rizoligi uchun kuymoq kerak, yonib yashamoq kerak.

Bahodirjon Shermuhammedov,

Farg‘ona davlat universiteti rektori