Yaqindagina katta bir ishtiyoq, hayajon bilan oliy ta’lim muassasasiga qadam qo‘ygan yosh avlod, bugun mohiyatan qanday sharafga erishganini – talaba degan baxtga muyassar bo‘lganini anglab yetmoqda. Darhaqiqat, minglab yoshlar ichidan o‘z bilimi va iqtidori bilan talabalikka tavsiya etilishning o‘zi ham bir umrga tatigulik quvonchdir. Ushbu jarayon ayni kunlarda Respublikamizning barcha viloyatlaridagi ta’lim dargohlarida tantana sifatida keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirining 445-sonli buyrug‘i asosida 2022/2023-o‘quv yilida Farg‘ona davlat universitetiga qabul qilingan yoshlarni tabriklash bo‘yicha “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarga xos shijoat va vatanparvarlik, ko‘tarinkilik ruhida o‘tkazilgan bayramda dastlab oliygoh uzra talabalar jo‘rligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yangradi.
Bunda eng yuqori ball to‘plab talabalikka qabul qilingan yoshlar universitet rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda turli sohalarda yuksak natijalarga erishgan universitet yoshlari ham birinchi bosqich talabalariga o‘z tabrik tilaklarini bildirdilar va tantanali ravishda ramziy kalitni topshirdilar. Bayram tantanasi vodiyning eng mashhur xonandalarining diltortar qo‘shiqlari, talabalarning she’riy chiqishlari bilan fayzga to‘ldi.
Shundan so‘ng 1-bosqich talabalari “Talabalikka qasamyod” izhor etdilar. Bayram yakunida barchaning birgalikda ijro etgan “Talabalik davrim mening” qo‘shig‘i yosh qalblarda faxr va g‘urur tuyg‘ularini yanada oshirdi.