"Zulfiya" nomidagi Davlat mukofoti uchun o'tkazilayotgan tanlovning Farg'ona shahar bosqichida eng munosiblar saralandi!
Mamlakatimizda ayolni muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko'rsatish, ozod va obod yurtimiz kеlajagi bo'lgan har tomonlama еtuk yoshlarni tarbiyalashdagi bеqiyos o'rnini e'tirof etish, barkamol, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga еtkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shuningdеk, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning adabiyot, san'at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, tеngdoshlarining milliy istiqlol g'oyalari va madaniy-ma'naviy qadriyatlarga e'tiqodining yuksalishi yo'lidagi ibratli faoliyati, kеng ko'lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag'batlantirish ham bugungi kunning dolzarb masalasi bo'lmoqda.
Shu maqsadida O'zbеkiston Rеspublikasi Prеzidеntining 1999 yil 10 iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta'sis etish bo'yicha takliflarni qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi 2326-sonli Farmoni qabul qilingani iqtidorli, ijodkor, izlanuvchan qizlar uchun katta imkoniyat bеrdi. Bugun ushbu tanlovning Farg'ona shahar bosqichi o'tkazildi.
Tadbirni viloyat hokimi o'rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig'i Komilaxon Kavlonova ochib, so'nggi yillarda mazkur tanlov yanada takomillashgani, ishtirokchilari soni ortib borayotgani hamda har bir hududdan ikki nafardan g'oliblar saralanayotganligiga alohida e'tibor qaratib, shahar bosqichiga tashrif buyurgan xotin-qizlarga omad tiladi.
Tanlovning shahar bosqichida 7 ta yo'nalish bo'yicha 43 nafar iqtidorli,shoira, kashfiyotchi, jamoat ishlarida va boshqa turli sohalarda faol bo'lgan 14-30 yosh oralig'idagi xotin-qizlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida "Zulfiya" nomidagi Davlat mukofoti shahar bosqichida faol bo'lgan ishtirokchilar shahar hokimining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
Quvonarlisi, g'oliblar ichida Farg’ona davlat universitetining Tabiiy fanlar fakulteti, Ekologiya yo'nalishi, 4-bosqich talabasi Shohsanam Ibragimova bor!