O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli qarorining 102-bandiga asosan “a’lo” baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talaba-qizlar uchun “Qizlar uchun maxsus stipendiya” joriy etilgan.
Ushbu stipendiya o‘quv semestri yakuni natijalariga ko‘ra, barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali “kam ta’minlangan oila” deb e’tirof etilgan oila a'zosi bo‘lgan talaba-qizlarga tayinlanadi va to‘lanadi.
Hurmatli talaba-qizlar!
Agarda Siz 2021/2022-o‘quv yilining bahorgi semestrida barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichingiz faqat “a’lo” baho bo‘lsa hamda sizning oilangiz “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali “kam ta’minlangan oila” deb e’tirof etilgan bo‘lsa, quyidagi hujjatlarni 2022-yil 11-noyabrga qadar Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga taqdim etishingiz so‘raladi.
1) 2021-2022-o‘quv yilining bahorgi semestrini barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lganligini tasdiqlovchi reyting daftarchasidan tasdiqlangan nusxa;
2)“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali “kam ta’minlangan oila” deb e’tirof etilgan ma’lumotnoma.