MARY STRABALA BILAN SUHBAT
18:03, 11.11.2022
Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim sohasi rivojlanishida ingliz tilining o’rnini alohida ta’kidlash joiz. Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunini hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari yurtimizda chet tillarga o‘qitishning kompleks tizimini yaratish, uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillariga o‘qitish sifatini ta’minlash, chet tillarida erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu yo‘nalishdagi o‘quv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish asosida malaka sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilar, talabalar va pedagoglarga imtiyozlar berish hamda ularni rag‘batlantirish kabi maqsadlarni o’z ichiga olgan. Xususan, har bir oliy ta’lim muassalarida xorijiy hamkorliklar yo`lga qo`yilgan va dars jarayonlariga xorijlik etakchi professor-o’qituvchilar jalb qilinmoqda. Bu esa talabalarda ingliz tilini o’rganishga bo’lgan qiziqishlarini yanada orttirishi tabiiy. Shu jumladan, Farg’ona davlat universiteti, Ingliz tili va adabiyoti fakultetida ham dars jarayonlariga bir nechta AQSh elchixonasi FULBRIGHT dasturi ishtirokchilari jalb qilingan. Ulardan biri Mary Strabala. Mary Strabalaning Farg`ona davlat universitetidagi faoliyatini o’rganish maqsadida kichik suhbat uyushtirdik. Suhbat jarayonida mutaxassisning zamonaviy o’qitish metodi va pedagogik mahoratini, shuningdek, talabalar orasida til o’rganishning intensiv usullari bilan bog`liq savollar ustida suhbatlashdik. Quyida suhbatimizning to’liq matni berilgan.
- -Mary, suhbat boshidan siz tahsil olgan oliy ta`lim muassasi haqida so`z yuritsak ?
- -Men Ayova universitetida buxgalteriya hisobi bo’yicha Bakalavr darajasiga va Vermontdagi Xalqaro trening maktabida MA TESOL ingliz tilini o’qitish bo’yicha magistr darajasiga egaman. Ikkala muassasa ham AQShda joylashgan.
- -Mary, bizga o’qitish usulingiz haqida ozroq ma’lumot bersangiz?
- -Men darslarda kommunikativ va talabalarga yo’naltirilgan juda erkin o’qitish uslubini qo’llayman. Talabalar erkin, do’stona muhitda tilni mukammalroq o’rganishadi. Mening maqsadim har doim auditoriyada talabalar uchun shunday sharoitlarni yaratishdir. Men o‘quvchilarim bilan yakkama-yakka muloqot qilaman va ular orasida o‘zaro interaktiv munosabatda bo`laman. Shuningdek, talabalar nafaqat o’qituvchidan bilim izlashlarini balki, bir-birlaridan ko’p narsani o’rganishlari mumkinligini tushunishlarini xohlayman.
- -Mary, siz darsda talabalarni bilimini qaysi baholash mezonlariga ko`ra baholaysiz?
- -Men turli umumlashtiruvchi va dars davomida qo’llanilishi mumkin bo’lgan baholash tizimlaridan foydalanaman, jumladan uy vazifalari, viktorinalar, testlar, Google Forms’dagi talabalarning fikr-mulohazalari, talabalar bilan norasmiy suhbatlar, o‘rganishni norasmiy baholashim mumkin bo‘lgan har xil qo’shimcha mashqlar va hokazo.
- -Mary, bilamizki, til o’rganishda motivatsiyaning alohida o’rni bor. Siz dars jarayonida talabalarni ingliz tilini o’rganishlari uchun qanday qilib ruhlantira olasiz?
- -Men talabalarimga til o’rganish qanchalik qiziqarli va foydali ekanligini anglashlariga turtki beraman. Dars jarayoniga o`zimdagi ishtiyoq va jo’shqinlik bilan kirishga harakat qilaman. Agar talabada o’rganishga qiziqish va ishtiyoq sust bo`lsa ularga pozitiv motivatsiya berishga va qo`yilgan vazifani uddalay olishlariga ko`mak berishga harakat qilaman.
- -Universitetimizdagi o’qitish jarayonlari haqida nima deya olasiz?
- -O’qitish jarayoni haqida ko’p gapira olmayman, chunki bu yerga yaqinda keldim, bu bilan ko’p tanish emasman. Ammo, men ko’rgan narsa - darsni to’liq nazorat qilishda, o’qituvchi asosiy rol o’ynaydi va ularga hurmat bilan munosabatda bo’linadi. Boshqa tomondan, men dars davomida interfaol juftlik va guruh ishlarining ko’plab misollarini ko’rdim va o’qituvchilar darsni nazorat qilishni talabalarga topshirishadi va bu til o’qitish metodikasi yo’nalishidagi to’g’ri qadamlar deb o’ylayman.
- -Bugungi kunda talabalar duch kelayotgan eng katta muammo nima deb o’ylaysiz?
- -Mening fikrimcha, bizning talabalarimiz duch keladigan muammolar butun dunyo bo'ylab ko’plab yoshlar duch keladigan qiyinchiliklardan unchalik farq qilmaydi. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlarda uchrayotgan informatsion xuruj bunga misol bo`ladi. Buni bartaraf etish uchun, globallashuv davrida muvaffaqiyatga erishish uchun ular tezroq tashqi dunyo bilan hamnafas bo’lishlari, mustaqil fikrga , bilim va ko`nikmalarga ega bo`lishlari lozim.
- -Mary, olib borgan samimiy suhbatingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz.
- -Sizlarga ham katta rahmat!