Prezident Shavkat Mirziyoev bugungi kunda Oʼzbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng eʼtirof etayotganini taʼkidladi.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda oʼnlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilindi va muhim tashabbuslar ilgari surildi.
"Mana shunday katta yutuqlarga erishishda fidokorona mehnati bilan hissa qoʼshgan har bir yurtdoshimizga oʼz minnatdorchiligimni bildiraman", - dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu yutuqlar, inson qadri ulugʼ boʼlgan diyor – Yangi Oʼzbekistonni barpo etish yoʼlidagi dastlabki natijalar ekani taʼkidlandi.
"Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qoʼygan katta-katta marralarga albatta erishamiz", dedi Prezident.
Prezident bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirayotganini taʼkidladi.
Yer yuzidagi iqlimning keskin oʼzgarishi, suv va tabiiy resurslar kamayishi bilan bogʼliq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda. Xalqaro munosabatlarda oʼzaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda.
Аfsuski, bunday xavf-xatarlar bizni ham chetlab oʼtmayotgani koʼrsatib oʼtildi.
"Qoraqalpogʼistonda sodir boʼlgan noxush voqealar xalqimizni qattiq qaygʼuga soldi. Xudoga shukur, koʼp millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tezda izga tushdi", - dedi Prezidentimiz.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida barcha masalalar boʼyicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutilishini taʼkidladi.
Umuman, mazmuni “inson qadrini ulugʼlash” ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi Oʼzbekistonga mos boʼlgan Konstitutsiyani har tomonlama oʼylab, shoshilmasdan ishlab chiqish kerakligi aytildi.
Fuqarolarimiz bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi, dedi Prezident.
Eng muhimi – har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor boʼlishi va “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb yuksak gʼurur va iftixor bilan ayta olishi kerak.