Farg‘ona davlat universitetida 5-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yil yakuni arafasida o‘zgacha bayramona boshlangan yig‘ilish avvalida ilmiy yutuqlar va yuksak darajalarga erishgan professor-o‘qituvchilar, shuningdek, o‘z iqtidori va bilimi, egallayotgan marralari bilan tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatayotgan talaba-yoshlar munosib taqdirlandilar.
Albatta, aytish kerakki joriy yilda Farg‘ona davlat universiteti faoliyatida har sohada o‘zgarish, yuqorilash va ijobiy natijalar kuzatildi. Tobora o‘sib borayotgan ilmiy salohiyat, xalqaro reyting pog‘onalari sari tashlanayotgan olg‘a qadamlar, amaliyotga tatbiq etilayotgan yangidan-yangi loyihalar keng jamoatchilikni ham diqqat-e'tiborida bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, shuni alohida ta'kidlash kerakki, Respublika oliy ta'lim muassasalari ichida aynan Farg‘ona davlat universitetida 18 nafar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalar sovrindorlari yetishib chiqqanligi – oliygohning yetakchilar safida ekanligidan yorqin dalolatdir. Ushbu tadbirda ishtirok etayotgan talabalarning ota-onalari ham mazkur o‘zgarishlarni alohida e'tirof etdilar.
Yig‘ilish bayramona ruhda davom etar ekan, kun tartibidan o‘rin olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatidan kelib chiqadigan asosiy vazifalar, shu bilan birga, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlili, yo‘riqnoma hujjatlar ijrosi hamda boshqa muhim ilmiy va tashkiliy masalar keng muhokama etildi.