Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 344
  • Ko`rib chiqilganlar 307
    • Takliflar 50
    • Arizalar 259
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 37

​“YANGI O'ZBEKISTONNING IQTISODIY TARAQQIYOTIDA TARMOQ VA HUDUDLARNI JADAL RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI”

09:02, 07.02.2023      

Farg'ona davlat universitetida “Iqtisodiyot va servis” kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori- Mamajon Adxamov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “Yangi O'zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotida tarmoq va hududlarni jadal rivojlantirish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.

Anjumanda oliygoh rahbariyati, professor-o'qituvchilar, fakultet jamoasi, nuroniy ustozning shogirdlari, ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar va talaba-yoshlar, shuningdek, Buxoro davlat universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori – Bahtiyor Navro'zzoda, Statistik tadqiqotlar instituti direktori, professor – Bahodir G'ayibnazarovlar ishtirok etdilar.

Bayramona tarzda boshlangan anjumanda o'z faoliyati davomida jamiyatimiz uchun minglab salohiyatli mutaxassislarni tayyorlab kelgan ustoz professor jamoa tomonidan qizg'in muborakbod etildi. Fakultet jamoasi qutlovlari, do'stu-shogirdlar tabriklari, kasbdoshlarning dil so'zlari samimiy izhor etilib, professorning uzoq yillik mehnati sharaflandi.

Ma'lumot uchun: Mamajon Adhamov universitetning otaxon professorlaridan bo'lib, ta'lim sifatini oshirish, bozor iqtisodiyotiga o'tish davridagi muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar topish, oliy ta'limning tashkiliy va sifat jihatlarini takomillashtirish borasida tizimdasezilarli iz qoldirdi. Professor o'zining mahsuldor ilmiy-pedagogik faoliyati davomida tayyorlagan yuzlab yetuk kadrlar bugun Yangi O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida har jabhada mehnat qilmoqda.

Uningxalq xo'jaligining turli tarmoqlari samaradorligini oshirishga bag'ishlab chop etilgan “Planlashtirishda matematik metodlarning qo'llanilishi” (Toshkent, “O'qituvchi”, 1982), “Biznes reja” (1998), “Loyiha tahlili” (2000), “Makroekonomika” (2004) kabi monografiya va o'quv qo'llanmalari hamda 100 dan ortiq ilmiy maqolalari barchamiz uchun muhim manba bo'lib xizmat qilmoqda. Ustozning bir nafar fan doktori va 6 nafar fan nomzodining ilmiy ishlariga rahbarlik qilganligi, USAID va TACIS xalqaro grantlari sohibi bo'lganligi-uning tinimsiz ravishda o'z ustida izlanishidan dalolatdir.

Qutlovlardan so'ng ilmiy-amaliy anjuman sho'balargabo'lingan holda qizg'in davom etdi. Bunda Yangi O'zbekiston iqtisodiyotini jadal va muvozanatli rivojlantirish hamda yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlash omillari, samarali bandlik va aholi turmush farovonligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish, hududlarning muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tizimini hamda xizmat ko'rsatish va servis sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish orqali iqtisodiy munosabatlarda erkin bozor tamoyillarini joriy etishni kengaytirish kabi tamoyillar anjumanning bosh maqsadlarini o'zida mujassam etdi.