Navoiy baytlari bizning hayotimizga bolalikdan, dastlabki o‘qish kitoblari bilan kirib keladi. Biz ilk bor buyuk shoirni donishmand muallim sifatida taniymiz, «olim bo‘lsang, olam seniki» deb aytgan ustoz sifatida o‘rganamiz. So‘ng o‘smirlik, yigitlik faslida bizga Navoiy muhabbat, vafo darsini beradi.
Yoniq ishqiy baytlarni yon daftarimizga ko‘chirib yozamiz, ilk sevgi maktublariga qo‘shib bitamiz. Vaqt o‘tishi bilan buyuk Alisher ko‘z oldimizda faylasuf sifatida namoyon bo‘ladi, bizga hayot darsini o‘rgatadi, uning sevinch va anduhlari, zavqu jafolarini so‘zlab dunyo haqidagi tasavvur doiramizni kengaytiradi.
“Navoiyxonlik” tadbirlari doirasida Pedagogika-psixologiya fakultetining talabalari tomonidan tashkil etilgan "Navoiy yodi-ila yashaymiz mudom!" mavzusida tashkillangan adabiy-badiiy kechada ham shoir ijodiga oid rang-barang g’azallar ohangi yangradi.