Bahor elchisi hisoblangan sumalak, xalqimizning azaliy, milliy taomlaridan biri bo’lib, uni tayyorlash ancha murakkabdir.
Shuning uchun ham sumalak ko’pchilik mehnati bilan mehri bilan pishiriladi. Ushbu bahoriy taom xalqimiz urf-odati, hayoti va an’anasiga aylangan tarixiy taomlardan sanaladi. Shukrona, mehr-oqibat bayrami sanalgan sumalak sayli yoshlar qalbida milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. Talaba-yoshlar qalbida milliy an’analarimizga hurmat tuyg’ularini kuchaytirish maqsadida Farg'ona davlat universitetining Sirtqi ta'lim bo'limida talaba-yoshlar ishtirokida "Bahor sog'inchi" deb nomlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi.
Ushbu bahoriy ayyomni kirish so'zi bilan ochib bergan Farg'ona davlat universiteti rektori - Bahodirjon Shermuhammadov oliygohda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga alohida to'xtalib o'tdi va talabalarni vatanparvarlik hamda fidoyilikka da'vat etdi.
Tadbir davomida bo'lim jamoasi tomonidan ezgu niyatlar bilan talaba-yoshlar uchun "SUMALAK SAYLI" ham o'tkazildi. Iste’dodli talabalar tomonidan jonli ijrodagi milliy kuy-qo‘shiqlar tadbirning shukuhini ko‘tarinkilik baxsh etdi.