Umumxalq referendumi kun tartibiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida bugun Farg‘ona davlat universitetida “Konstitutsiyada inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” mavzusida kengaytirilgan davra suhbati tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy Assosiatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu muloqotda so‘z olgan hamkor tashkilotlar vakillari inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr qimmati - oliy qadriyat ekanligi, mamlakatimizda insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati inson manfaatlariga qaratilganligini ta’kidladilar.
Tadbirda Farg’ona davlat universiteti jamoasi va talaba-yoshlari ma'ruzachilar bilan o‘zaro muloqotga kirishar ekanlar, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: uning mohiyati va tartib-taomillar xususida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Munozaralar davomida ishtirokchilarning yangilanayotgan bosh qomusimiz yangi tahriri to‘g‘risidagi fikrlari tinglandi va ular ishtirokida “Konstitutsiya loyihasini qo‘llaymiz” aksiyasi ham o‘tkazildi.
Bunda jamoa “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori bilan chiqib, huquqiy o‘zgarishlarga o‘z munosabatlarini bildirdilar.