Chorak asrdan ortiq davr mobaynida mamlakatning bosh qomusi va xalqimiz mayog‘i bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bugun o‘zining o‘zgarish va yangilanish, isloh bosqichida.
Ushbu muhim siyosiy jarayonlar pallasida Farg‘ona davlat universiteti tomonidan tashkillangan “Referendum va yoshlar” targ‘ibot tadbiri - talaba-yoshlarning qizg‘in ishtiroki, shuningdek, oliygoh rektori boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar jamoasining faolligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Universitet ochiq maydoniga jam bo‘lgan yoshlar va ustozlar jamoasi ko‘tarinki va bayramona ruhda, yuqori kayfiyatda yangilanayotgan Konstitutsiya, mazkur loyihaga kiritilgan o‘zgartirishlarga o‘z munosabatlarini ifoda etdilar. Bezatilgan sahna, chiroqlar yog‘dusi, shiorlar, yoshlar qo‘lida xilpirayotgan bayroqlar, yoshlarning yuqori kayfiyati tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Ona yurtimizni madh etuvchi va qalblarda vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘shqinlantiruvchi qo‘shiqlar sadosi shahar bo‘ylab taralar ekan, tadbir ishtirokchilari safi tobora kengayib bordi.
Iqtidorli talabalarning chiqishlari, iste’dodli yoshlarning qarashlari, chin qalbdan bildirayotgan fikrlari, san’atkor yoshlar ijro etayotgan madaniy dastur namoyishi ishtirokchilarni yanada ilhomlantirdi.
Targ‘ibot tadbirini tantanavor ochib bergan universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov o‘z so‘zida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zaruratligi, bu o‘zgarish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala bo‘lishi, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir yuqori sur’atda boshlanar ekan, yoshlarning xitob va chaqiriqlari baralla yangradi: «Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki!»
Bu yurakdan aytilgan hayqiriqqa barcha talabalar jo‘r bo‘ldilar.Tadbir davomida o‘zining tirishqoqligi va mehnatsevarligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan sportchi – chempion talabalar, Prezident va davlat stipendiantlari sohiblari, turli tanlovlar va bellashuvlar g‘oliblari, yosh ijodkorlar, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan yosh olimlar, faxriy ustozlar so‘z oldilar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini tushuntirib, yoshlarni referendumda faol ishtirok etishga chaqirdilar.
Tadbirda vodiyning mashhur xonandalari va FarDUning yosh san’atkorlari ijrosida yangragan diltortar qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.