Mamlakatda yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi – eng muhim vazifaga aylangan.
Muhtaram Prezidentimiz yaratgan imtiyozlar asosida endilikda yoshlarimiz ishlash uchun oliy ta’lim muassasasini bitirishni kutmaydilar. Ular o‘qishni tamomlamasdanoq mehnat qilish huquqiga egadirlar.
Shu jarayonlarda Farg‘ona davlat universiteti tomonidan talabalarni bo‘sh ish o‘rinlari bilan ta’minlash, oliygohning o‘zida, fakultetlar va bo‘limlarda, kafedralarda, tadqiqot markazlarida ishlashlariga sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek,bitiruvchilar haqidagi ma’lumotlar “Yangi Farg‘ona” gazetasining joriy 31-sonida havola qilindi.
Yaqinda minglab bitiruvchilar universitetni tamomlab, mehnat bozori sari yo‘l oladi. Shu munosabat bilan ularga yangi imkoniyatlarni taqdim etish, bandligini ta’minlash maqsadida viloyatimizdagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda bugun FarDUda “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirni o’z kirish so’zi bilan ochib bergan universitet rektori, pedagogika fanlari doktori, professor - Bahodirjon Shermuhammadov talaba-yoshlarni o’zlari qiziqqan kasbni egallash yo’lida olg’a intilishga, kuchli salohiyat bilan mehnat bozorida munosib o’rin egallashga da’vat etdi.
Tadbirda ishtirok etayotgan Farg’ona viloyat hokimining o’rinbosari Jamshid Xatamov o’z so’zida bitiruvchilarni bugungi kun talabiga javob beradigan raqobatbardosh kadrlar qilib tayyorlashda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, ularni sifatli ta’lim olishlari uchun mamlakatimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida batafsil to’xtalib o’tdi.
Shuningdek, tadbirda innovatsion hamkorlik doirasida muammoli mavzular bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, o‘quv rejalariga amaliyotchi mutaxassislar takliflarini e’tiborga olgan holda o‘zgartirishlar kiritish, talabalarning malakaviy amaliyoti va tajriba oshirishini tizimli ravishda tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Jumladan, amaliyotchi mutaxassislarni dars mashg‘ulotlariga jalb qilish, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini korxona va tashkilotlar taklifini hisobga olgan holda tayyorlash jarayonlari muhokama qilindi.
Yarmarka davomida Farg‘ona viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Prezident huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali, “Ishga marhamat” monomarkazi, Ekologiya, Moliya, Markaziy bank, Soliq, Axborot texnologiyalari, Qishloq ho‘jaligi, Turizm, Ichki ishlar, Madaniyat, Favqulodda vaziyatlar, Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, “Tasviriy oyna” kabi yirik ish beruvchilar yosh mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etdilar.
Natijada ish beruvchilar va 7 mingdan ziyod talabalar o’rtasida suhbatlar o‘tkazilib, ularning ishga joylashishishi, amaliyot o‘tashlari uchun yo‘llanmalar berildi.