Bugungi kunda ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar o‘yini bo‘lgan va mamlakatimizda alohida o‘rin tutadigan sportning futbol turiga aholini, ayniqsa, yoshlarni keng jalb etish - muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining "O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Farmoni, shuningdek, joriy yil 11 aprelda Muhtaram Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Farg‘ona davlat universitetida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov tashabbusi bilan oliygohning "FarDU" futbol jamoasi tuzilib, unga yangi bosh murabbiy sifatida o‘zbek futbolining haqiqiy afsonasi, 5 karra O‘zbekiston chempioni, 2 karra kubok sohibi, 1994-yilgi Osiyo o‘yinlari chempioni, 1 997 yilgi jahon terma jamoasi a’zosi, "Shuhrat" medali sovrindori, "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi" - Sergey Lebedov tayinlangan edi.
Mahoratli murabbiy boshchiligidagi futbol jamoasi bilan olib borilgan ko‘plab mashg‘ulotlar ularni jismoniy, ma’naviy va ruhiy jihatdan puxta tayyorlab bordi.
Endilikda "FarDU" jamoasi yangi mavsum o‘yinlarida maydonda to‘p suradi. Shu munosabat bilan bugun rektor jamoa bilan uchrashib, yangi futbol formasi taqdimotida ishtirok etdi.
Yosh futbolchilarni yangi mavsum bilan tabriklagan universitet rahbari futbolni hamisha qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va mamlakat futbolini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazishda yoshlarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvda so‘z olgan yoshlar universitetda o‘zbek futbolini rivojlantirish, yoshlarning futbolga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish borasida yaratilgan shart-sharoitlarlar uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.