Bag‘dodda bayramona kayfiyat:
Yoshlarga sertifikat topshirildi
Ma’lumki, Muhtaram Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi va sanoatda ishga tushirilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda mahallalar hayoti bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Bag‘dod tumanidagi Xitoy mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla ahli va yoshlar bilan samimiy muloqot olib bordi.
Quvonarlisi, ushbu muloqotlar davomida Davlat rahbariga o‘z orzu-istaklarini bildirgan 5 nafar qishloq yoshlari Prezidentimiz qo‘llab-quvvatlashi bilan oliy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etilgan edi.
Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov ishtirokida oliygohlar rektorlari Xitoy qishlog‘ida bo‘lib, Prezident tavsiyasi bilan o‘qishga qabul qilingan talabalarga sertifikatlarni topshirdilar.
Bunda Davlatoy Qo‘rchiyeva Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Oygul Saminjonova Toshkent davlat moliya instituti, Omadbek Turg‘unboyev Toshkent davlat stomatologiya institutining bakalavriat yo‘nalishiga, Hojiahror G‘iyosiddinov Farg‘ona davlat universiteti, Dilyoraxon Turg‘unboyeva Toshkent davlat pedagogika universitetining magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindi.