O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi” oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” oliy ta’limda ulkan o‘zgarishlarga olib keldi. Buni 1930 yilda tashkil etilgan va bugun mamlakat miqyosida yetakchi ta’lim dargohlaridan biriga aylangan Farg‘ona Davlat Universiteti misolida ham ko‘rish mumkin. Bundan olti yil avval 7-8 ming talabasi bo‘lgan universitet bugun 33 ming yoshlarga fan yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim bermoqda.
–Joriy yilda universitetimizga 2770 nafar yoshlar bakalavr, 314 ta magistraturaga, 1050 ta sirtqi bo‘limga talabalar qabuli tashkillandi, – deydi universitet prorektori Islom Zokirov.
Universitet o‘quvchilari tarkibida ilmiy darajalilar ikki yil avval ham 20 foizni tashkil etardi. Mavjud byurokratik to‘siqlarning olib tashlanishi, ilmiy daraja beruvchi kengashlar ochilishi va tadqiqotchilar soni o‘sishi natijasida hozirga kelib ularning 37 foizi fan nomzodi va doktorlik dissertatsiyalari yoqlagan.
– 7 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy kengash tashkil etildi. Ular 12 ta ixtisoslik bo‘yicha disertatsiya himoyalarini amalga oshiradi. 2020 yilda 18 ta dissertatsiya himoya qilingan bo‘lsa, 2022 yilda u 84 taga yetdi. Joriy 2023 yilda esa himoyalar soni 100 dan oshadi, – deb ta’kidladi Islomjon Zokirov.
Oliy ta’limdagi taraqqiyot sabablaridan biri shubhasiz akademik va moliyaviy mustaqillik berilganida. Endi ilmiy daraja olgan professor o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni yetarli darajada qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etildi. Talabalarning majburiy mehnatdan ozod etilishi, o‘qituvchiga yuqori ish xaqi, yetarli sharoit yaratilishi ularga o‘z ustida ishlash, izlanish, ta’lim sifatini yanada yuqori ko‘tarish imkonini berdi. Universitetda har yili bir necha o‘n darslik, monografiya chop etilyapti. Xalqaro miqyosda Scopus bazalarida ilmiy maqolalar e’lon qilinmoqda.
–19 ta loyiha, jumladan 16 ta innovatsion loyiha 2 ta drayver loyiha va 2 ta spinok korxona tashkil etildi. Ular topgan mablag‘i bilan o‘zinini o‘zi moliyalashtiradi, – dedi biz bilan suhbatda Islomjon Zokirov.
Farg‘onalik olimlar, universitet professor o‘qituvchilarini bugun ko‘plab xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tanishadi. Islomjonning aytishicha,
–Bugungi kunda 80 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan memorandium va shartnomalar imzolangan. Xususan Rossiyaning Qozon federal univerisiteti bilan rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari tayyorlash bo‘yicha 3+1 dasturi asosida kadrlar tayyorlanadi. Ya’ni talaba 3 yil Farg‘onada 1 yil Qozonda o‘qiydi. Shuningdek biz 2021 yilda Vengriyani qishloq xo‘jalik va hayotiy fanlar universiteti bilan qo‘shma fakultet tashkil etdik. Bundan tashqari uzumchilik va anorchilikni rivojlantirish borasidagi ilmiy loyihani birgalikda tadqiq qilmoqdamiz. 100 dan ortiq professor –o‘qituvchilarimiz xorijiy oliy ta’lim muassasalariga borib ma’ruzalar o‘qishdi. 50 dan ortiq xorijiy professor o‘qituvchilar esa farg‘onalik talabalar huzurida turli fan yo‘nalishlarda ma’ruza o‘qidilar.
Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimi, ularni to‘g‘ri seleksiyalash, yakka tartibda faoliyat olib borish qayta tiklandi. Natijada birgina Farg‘ona Davlat Universitetini 18 nafar talabalari Prezident stipendiyasi sohibi, davlat va nomdor stipendiyalar egasi bo‘ldilar. 2023-2024 o‘quv yili uchun yana 17 nomda universitetichkistipendiyalari xam ta’sis etildi.
Har qanday yutuq bilim bilan bog‘liq. Bilim esa kitob, kutubxona bilan.
–750 mingdan ortiq fondga ega bo‘lgan axborot–resurs markazi bor. U o‘z faoliyatini zamonaviy dasturlar, platformalar, onlayn o‘qish imkoniyatini yaratgan usullarda uyg‘unlashgan holda olib bormoqda, – deydi Islomjon Zokirov.–Maqsadimiz kutubxona fondini 1 millionga yetkazish. Endi talaba kutubxonaga borishi ham shart emas, ID raqami orqali kompyuter yoki telefonidan universitet bazasidagi kitobni onlayn olib o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari 150 o‘rinli book kafe faoliyatini boshladi. Bu yerda internet, WiFi va an’anaviy o‘qish imkoniyatlari mavjud.
Talabalar ijtimoiy himoyasi masalasi ham universitetda yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. Birgina yotoqxonalar bilan ta’minlash masalasini olaylik.
–Farg‘ona Davlat universitetida 240 o‘rinli bitta va 804 o‘rinli 2 ta talabalar yotoqxonasi qurib foydalanishga topshirildi, – deydi Islom Zokirov. –Bugun Universitetda 3500 talaba uchun qulay shart-sharoitlarga ega yotoqxonalar mavjud.
Farg‘ona Davlat Universiteti turli xalqaro, masalan Ispaniyaning Webometrik, Avstraliyaning “UniRank” kabi reyting tashkilotlari e’tiboridan tushmayapti. Yaqinda esa prorektorning aytishicha, u top mingtalikka kiritilgan:
–So‘nggi yillarda erishgan natijalarimiz e’tirof etilib, dunyoning mashhur reyting belgilovchi “Z”agentligi tomonidan 14 ta indikator bo‘yicha, ya’ni barqaror rivojlanish shartnomalari bo‘yicha universitetimiz top mingtalik universitetlar qatoriga qabul qilindi.