Buyuk qirg‘iz adibi, jahon adabiyotining yirik vakili Chingiz Aytmatovning adabiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi barchaga ma’lum. Har yili adibning tavallud kuni arafasi adabiyot vakillari va keng jamoatchilik orasida tantanali nishonlanib kelinadi. Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universiteti bo‘ylab Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilliga bag‘ishlangan tadbirlar boshlandi. An’anaviy ravishda dekabr oyi oliygohda “Chingiz Aytmatov oyligi” deb e’lon qilindi va adib ijodini o‘rganishga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi. Mazkur konferensiyaga Qirg‘iziston respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor - o‘qituvchilar, chingizshunos olim va ilmiy tadqiqodchilar, Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati, filologiya fakulteti jamoasi hamda talaba – yoshlar jalb etildi.
Anjuman avvalida adib hayoti va faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda buyuk shoir hayoti va ijodiga doir turli ko‘rgazmalar, gazeta va jurnallar, badiiy va ilmiy adabiyotlar, shuningdek, universitetning bugungi kundagi faoliyatini aks ettiruvchi yutuqlar, olib borilayotgan ilmiy ishlar, loyihalardan namunalar taqdim etildi. Tadbir doirasida FarDUning Filologiya fakultetida tashkil etilgan Chingiz Aytmatov nomidagi o‘quv xonasining tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘z olgan Qirg‘iziston Respublikasining bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bu o‘quv xonasida haqiqiy qardoshlik va Chingiz Aytmatov ijodi ruhiyatini his etganliklarini ta’kidladilar. Shuningdek, universitetning yosh adabiyotshunos talabalari tomonidan ijro etilgan zabardast va mohir adibning ijodiy namunalari - mehmonlarda cheksiz hurmat tuyg‘ularini yanada oshirdi.
Yaxshi niyat bilan daraxt o‘tkazish xalqimizning go‘zal an’anasidir. Shu bois anjuman avvalida buyuk adib Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlab, ikki qardosh elning mushtarak qadriyatlari va ezgu maqsadlari, hamdo‘st birodarligining ramzi sifatida "Do‘stlik daraxti" ekildi. Darhaqiqat, bugun FarDU bag‘riga qadalgan bu yosh nihollar - ertaga oliygohdan minglab ijod ahli, yetuk adabiyotchilar, yosh Chingizlar yetishib chiqishiga ramziy ishoradir. Anjuman ishtirokchilari oliygohda yaratilgan ijodiy muhit bilan tanishar ekanlar, Filologiya fakultetida Ibroyim Yusuf ijodiga bag‘ishlab tashkil etilgan o‘quv xonasida ham bo‘ldilar. Mehmonlar bir piyola choy ustida o‘zbek va qoraqalpoq elining suyukli shoiri Ibroyim Yusupov ijodi haqida suhbat qurdilar. Shundan so‘ng tadbirlar zalida adib ijodiga qaratilgan "Chingiz Aytmatov va jahon adabiyoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyani ochib berish uchun so‘zga chiqqan universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov mehmonlar va fakultet jamoasini bugungi xalqaro konferensiya bilan qutladi. Chingiz Aytmatovning betakror asarlar egasi, haqiqiy chin inson ekanini o‘z asarlari bilan xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shib kelgan ijodkor sifatida e’tirof etdi. Adibning nafaqat qirg‘iz xalq ijodkori, balki butun Sharqu G‘arb, yer yuzining boshqa qit’alari xalqlarining ham sevimli yozuvchisi, u yaratgan asarlar insoniyatni ezgulikka, to‘g‘rilikka, halollikka, mehr-oqibatga, sahovatga, mehnatsevarlik va samimiyatga undashi bilan umrboqiy va o‘lmas ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi. Ikki qardosh xalq vakillari bir - biriga do‘stlik sovg‘alarini topshirdilar. Universitet iqtidorli talabalari ijrosida qirg‘iz xalq qo‘shiq va raqslari ijro etildi. Shundan so‘ng anjuman o‘zining plenar qismiga o‘tdi.
Konferensiyada qardosh xalq vakillarining Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
Jumladan,
O‘sh davlat universiteti rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor K.Kojobekov - "Aytmatovning ma’naviy saboqlari";
B.Siddikov nomidagi qirg‘iz-o‘zbek universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori A.Mamasidikov - "Aytmatov saboqlari";
O‘sh davlat universiteti rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor J.Tursunbayev - "Qirg‘iz xalqining suyukli farzandi";
O‘sh davlat pedagogika universiteti rektori B.Zuluyev - "Xalqparvar ijodkor";
Batken davlat universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori A.Giyazov - "Sarhad bilmas iste’dod";
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, Ch.Aytmatov nomidagi Xalqaro Akademiya a’zosi A.Meliboyev - "Chingiz Aytmatov haqida so‘z";
O‘sh davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori K.Zulpukarov - "Chingiz Aytmatov va Jahon adabiyoti";
Sharqshunoslik universiteti professori A.Alimbekov - "So‘zga oshufta qalb" mavzularida ma’ruza qildilar.
Tadbir nihoyasida anjuman qatnashchilari Yusufjon Qiziq Shakarjonov nomidagi Farg‘ona viloyati drama teatriga tashrif buyurdilar. U yerda mehmonlarning ma’naviy hordiq chiqarishlari uchun Ch.Aytmatov qalamiga mansub “Jamila”qissasi asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.