Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 347
  • Ko`rib chiqilganlar 313
    • Takliflar 50
    • Arizalar 262
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

Yangi O‘zbekiston

12:22, 09.12.2023      


Zero, yangilangan davr, o‘zgarayotgan inson manfaatlari va huquqlari, mustahkam poydevorga ega bo‘lgan fuqarolik jamiyati, uning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi uchun eng muhim ehtiyoj edi bu zarurat.

«Yangi O‘zbekiston» degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilingan bir paytda Bosh qomusimiz ham ushbu tarixiy burilish jarayoniga kirib keldi. Albatta, bu o‘zgarish zaminida yurtdoshlarimizning o‘zgargan dunyoqarashi, yuksalayotgan inson qadr-qimmati va erki mujassam.

Haqiqatki, xalqimiz hayotga katta ishonch va umid bilan qarashni o‘rgandi. Odamlarni rozi qilish tamoyili ustuvor, inson manfaatlari esa oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan bu davrda vatandoshlarimizning yurt taqdiriga daxldorlik hissi ham balandladi. Binobarin, bu ko‘tarinki ruh bir millat, yakdil el sifatida tashlaydigan kelgusi qadamlarimizga shiddat bag‘ishlamoqda.

Albatta, bugun meva berayotgan daraxtning kechagi mustahkam ildizlari bo‘ladi. Xususan, so‘nggi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlarimizni mushohada etsak, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hozirda muammo emas, oddiy kundalik ehtiyojga aylangani, qardoshlarimiz, yon qo‘shnilarimiz bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga o‘tgani – bularning barchasi ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘ldi. Endilikda bu islohotlarning bardavomligi Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi. Demakki, konstitutsiyaviy himoya orqali bu huquq va erkinliklar, farovon hayotimiz yo‘lidagi o‘zgarishlar farzandlarimiz, kelajak avlod vorislari uchun ham kafolatga ega.

Shukrki, ko‘plab mamlakatlar oldida ziddiyatlar, siyosiy qarama-qarshiliklar, iqlim, sof tabiat, yashash uchun tinch joy, oziq-ovqat topish, sog‘liqni saqlash, sifatli ta’lim olish kabi masalalar global muammoga aylangan bir vaqtda bugun mamlakatimizda 40 millionga yaqinlashib borayotgan xalqimiz to‘ylar qilib, elga dasturxon yozmoqda, mahallalarda hasharlar, bayramlar ovozi-yu bolajonlarning beg‘ubor kulgusi yangramoqda. Tunda ertadan xavotirimiz yo‘q, osuda uyquga yotamiz, tongda esa o‘zimiz istagan ishimizni birovning qarshiligisiz, aralashuvisiz erkin va xotirjam bajarishga kirishamiz. Xotirjamlik, tinchlik qanday shirin baxt, shunday emasmi...

Barchamizga yaxshi ma’lumki, mamlakat Konstitutsiyasi o‘z-o‘zidan bunyodga kelmadi, o‘zimizning, qorako‘z xalqimizning dilidagini olib, uning xohish-irodasini ishonch bilan, lafz va kafolat bilan o‘ziga shunday qaytarildiki, bu bilan Bosh qomusimiz chin ma’noda “xalq konstitutsiyasi” sharafiga munosibdir.

Bahodirjon Shermuhammadov,

Farg‘ona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.