Farg‘ona davlat universiteti ogohlantiradi:
So‘nggi vaqtlarda turli telegram kanallar va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijiy grantlar, stipendiyalar va «work and travel» dasturlariga oid ma’lumotlar keng tarqalmoqda.
Bu borada, ayrim agentliklar grant va stipendiyalar, shuningdek «work and travel» dasturlariga hujjatlar tayyorlab, topshirishga yordam berishini aytib, o‘zlarining pullik xizmatlarini taklif etishmoqda.
Ayni masalalar yuzasidan FarDU xalqaro hamkorlik bo‘limi quyidagilarni ma’lum qiladi:
1. Xorijning yetakchi universitetlari va yirik fondlari tomonidan e’lon qilinuvchi grantlarga hujjat topshirish mutloqa bepul bo‘lib, barcha hujjatlarni nomzod-talabaning o‘zi elektron tarzda topshirishi mumkin. Bu borada, FarDU talabalari uchun «pullik o‘rtakashlik» xizmatidan foydalanishga xech qanday hojat bo‘lmay, amaliy yordam universitetning xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan bepul ko‘rsatiladi.
2. Turli ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilib borilayotgan xorijiy grantlar, stipendiyalar va «work and travel» dasturlariga oid ma’lumotlarni to‘la ishonchli, deb bo‘lmaydi. Ayrim hollarda «klon sayt»larga havolalar berilmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti talaba va magistrlariga mo‘ljallangan grant hamda stipendiyalarga oid ishonchli ma’lumotlarni xalqaro hamkorlik bo‘limining «FerSU GrantNews» telegram kanali orqali olish mumkin. Mazkur kanalda universitetimiz bilan rasmiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan xorijiy universitetlar va fondlar tomonidan e’lon qilinuvchi grant hamda stipendiyalarga oid ma’lumotlar berib boriladi.
3. Germaniya Federal bandlik agentligi (Bundesagentur für Arbeit)ning «Arbeiten und Reisen» («work and travel») dasturlari bo‘yicha hujjat tayyorlash va topshirishga ko‘maklashish bo‘yicha pullik xizmat taklif qilayotgan turli agentliklar (odatda, bu ishlarni o‘quv markazi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar amalga oshirmoqda) bilan aloqa o‘rnatishda:
agentlik (firma, markaz va h.k)ni rasmiy ro‘yxatdan o‘tganligi;
mazkur xizmatni taqdim etishga huquqi bor yoki yo‘qligi;
safar davomidagi transport, turar joy, oziq-ovqat ta’minoti, xavfsizlik kabi masalalarni o‘z vaqtida, sifatli tashkil etish bo‘yicha Federal bandlik agentligi (Bundesagentur für Arbeit) orqali aloqa o‘rnatilayotgan Germaniyadagi ish beruvchi bilan shartnomasi mavjudligiga e’tibor qaratish lozim.
Hurmatli talabalar, Farg‘ona davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalari geografiyasi juda keng bo‘lib, aynan universitetimiz talabalarining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga mos keluvchi xorijiy grant va stipendiyalarga oid ishonchli ma’lumotlarni xalqaro hamkorlik bo‘limi yoki uning FerSU GrantNews telegram kanali orqali olishnigiz mumkinligini eslatib o‘tamiz.