Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tgan seminar doirasida seminar ishtirokchilari FarDU Sport-sog'lomlahtirish majmuasida jismoniy madaniyat va ommaviy sport mashg'ulotlarini tomosha qildilar. So'ngra universitet markaziy maydonida talabalar ishtirokida askiya bazmi va konsert dasturi boshlandi. Xalqimiz suygan taniqli xonandalar ijrosidagi diltortar qo'shiqlar ishtirokchilarga ma'naviy huzur baxsh etdi. “Nilufar” talabalar teatr studiyasida yoshlar teatr guruhlari ishtirokida millat oydinlari- jadidlar siymosini namoyon etuvchisahna ko‘rinishlari namoyish etildi.Spektaklda ijrochi talabalar ko‘zida yonib turgan Vatanga hurmat-ehtirom ifodasi tomoshabinlarni to‘lqinlantirib yubordi.
Farg'ona davlat universitetining ilmga chanqoq talabalarini qamrab olgan “Zakovat” intellektual jamoasi o'yini ham mehmonlar guvohligida juda qizg'in kechdi. Kun tartibidagi tadbirlar doirasida universitet qoshida tashkil etilgan “Qatag‘on qurbonlari” muzeyiga sayohat qilindi. Mazkur muzey Davlatimiz rahbarining 2017-yil 22-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hududlardagi oliy ta'lim muassasalari tuzilmasida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Muzeyda jadidchilik harakati yetakchilari, farg'onalik yurt fidoiylari, ma’rifat rahnamolari faoliyati, vodiyning haqiqiy vatanparvar o‘g‘lonlari tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar berildi.