Bugun Farg'ona davlat universitetining San'atshunoslik fakultеtiga "O'zbеkiston Qahramoni" O'zbеkiston xalq artisti, profеssor - Munojot Yo'lchiyеva tashrif buyurdi.
Oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi jamoa betakror ovoz sohibasini samimiy qarshi oldilar va doira sadolari ostida fakultetga taklif etdilar. Tashrif doirasida ustoz san'atkor - Munojot Yo'lchiyeva fakultetda uni intiqib kutayotgan talaba-yoshlar, bo'lajak maqomchi xonandalar bilan uchrashdi hamda fayzli ijodiy kecha boshlanib ketdi. Ijodiy kechada ishtirok etayotgan universitet rahbari o'z so'zida o‘zbek mumtoz musiqa san’ati, jumladan, Shashmaqom rivojiga hamda uning dunyo bo‘ylab tarqalishiga beqiyos hissa qo‘shgan bu fidoiy ayolning, milliy kuylarimiz asl ijrochisining mehnatlarini alohida e'tirof etdi. Bunda yosh xavaskor ijrochi - talabalarning kuy-qo'shiqlari mehmonga ehtirom sifatida tarannum etildi. Yoshlar bilan jonli va qizg'in muloqot olib borgan Munojot Yo'lchiyeva ularni qiziqtirgan barcha savollarga dildan javoblarini bildirar ekan, talabalardagi milliy san'atimizga bo'lgan yuqori qiziqishni qo'llab-quvvatladi. O'z hayotiy faoliyati, tajribasi, ustozlari o'gitlari va xulosalarini talabalar bilan o'rtoqlashdi.
Yosh muxlislar iltimosiga binoan, Munojat Yo'lchiyevaning qalbga yaqin qo'shiqlari yangradi va ijodiy kecha sehrli ovoz ohanglari, "tanovor", "mustaxzod" kuylari bilan o'zgacha fayzga to'ldi. Bu ijro esa ishtirokchilar uchun haqiqiy mahorat darsi- master-klass vazifasini o'tadi. Tadbirning tantanali qismida o'zbek musiqa ilmi va maqom san'atiga qo'shayotgan ulkan hissasi, yoshlarni milliy kuylar, sharqona qadriyatlar bilan tarbiyalashda ko'rsatgan ibrati uchun Farg'ona davlat universiteti Ilmiy Kengashi qaroriga muvofiq Munojot Yo'lchiyeva - oliygoh "FAXRIY PROFESSORI" unvoni bilan taqdirlandi.
FarDU san'atshunoslari, talaba-yoshlarning hurmat-ehtiromi sifatida mehmonga tabrik sovg'alari topshirildi. Uchrashuvning eng hayajonli qismi - FarDUning San'atshunoslik fakultetida "MUNOJOT YO'LCHIYEVA XONASI"ning ochilish marosimi jarayoni bo'ldi. Endilikda fakultetda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti -Munojot Yo‘lchiyeva uchun tashkil etilgan xona bugundan o'z faoliyatini boshladi. Ushbu mo'jaz va shinam xonada bo'lajak san'atkorlar betakror ovoz sohibasining ijodiy faoliyati, mehnat yo'llari, erishgan yutuqlari, maqomchilik ilmidan bahramand bo'ladilar. Xona sohibasi universitetning "Tarixiy mehmonlar" kitobiga o'z tilaklari - dastxatini yozar ekan, bu e'tibor va san'atga bo'lgan muhabbat uchun chin ko'ngildan minnatdorligini bildirdi.
Tadbir yakunida mehmon San'atshunoslik fakulteti faoliyati, o'quv jarayonlari, ijodiy mashg'ulotlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.