Gidroenergetika - bu suv resurslari mexanik energiyasidan oqilona va samarali foydalanishning eng maqbul yechimi sifatida mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyatga egadir. Ushbu suv oqimi energiyasini elektr energiyasiga aylantirishga xizmat qiluvchi yirik tabiiy va sunʼiy tizim – yashil energetikaning ajralmas qismi ekanligi barchamizga maʼlum.
Bugungi kunda dunyo boʼylab energiya resurslariga boʼlgan talabning oshayotgani, uglevodorod xomashyosi zahiralarining kamayib borayotgani yangi muqobil energiya manbalarini topishni va joriy etishni taqozo etadi.
Muhtaram Prezidentimiz jonkuyarligida soʼnggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilib, elektr energiyasi zarurati, undan oqilona foydalanish, arzon, ishonchli hamda barqaror zamonaviy energetikani joriy etish kun tartibidagi dolzarb masalaga aylangan.
Shuningdek, bugungi kunda Oʼzbekistonda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stantsiyasini qurish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Xususan, bu borada hukumatimiz tomonidan ham zarur chora-tadbirlar koʼrilyapti. Davlatimiz rahbari Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida soʼzlagan nutqida ham ushbu masalaga birinchi navbatda toʼxtalib, energetika tarmogʼi samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbligi, bu borada mamlakatimizda koʼplab loyihalar ustida ishlar davom etayotganini taʼkidladi.
Darhaqiqat, mamlakat yetakchisining uzoqni koʼzlayotgan oliy maqsadlari mohiyatida mintaqa manfaatlari mujassam ekaniga bugun barchamiz amin boʼlmoqdamiz.
Zero, bu yoʼlda 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazish maqsadi sari katta qadamlar tashlanmoqda. Buning yaqqol dalili sifatida oʼtgan yilning oʼzida “Masdar”, “Gezhouba”, “China Energy” kompaniyalari kabi strategik hamkorlar yordamida 1,4 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stantsiyalari ishga tushirildi.
Shuningdek, “ACWA Power” bilan “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasi ham boshlab yuborilgani muhim yangilik boʼldi. Bunday oʼzgarishlarning muhim jihati shundaki, amaldagi loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalar hisobidan yuzaga chiqmoqda.
Forumda Davlatimiz rahbari Qirgʼiziston va Tojikistondagi gidroelektr stantsiyalarini birgalikda qurish loyihaning strategik qirralarini dadil ifoda etgan holda, ushbu yoʼnalishda barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka chaqirdi.
Аlbatta, bu oqilona investitsion diplomatiya Oʼzbekiston iqtisodiy taraqqiyotining mustahkam drayveriga aylanib bormoqda. Chunki bugungi kunning talabi shunday, inson va uning ehtiyojlari dunyo bozorlarini harakatga keltirish bilan birga, aynan ushbu talablar sohalar kelajagini belgilab bermoqda.
Tabiiyki, demografik oʼsish natijasida yurtimizda har yili energiyaga boʼlgan talab 5-6 foizga oshib bormoqda. Tahlillarga koʼra, kelgusi 6 yilda mamlakatda elektr energiyasiga boʼlgan talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kilovatt soatga oʼsishi kutilmoqda. Qayd etish joizki, bu koʼrsatkich qayta tiklanadigan energiya manbalari bizga nechogʼlik zarur ekanini anglatmoqda.
Yuqoridagi oʼsish jarayonlari esa xalqning yashashga boʼlgan ishtiyoqi, oilalarning farovon turmush sharoiti sari qilayotgan harakati, mamlakat yetakchisi hamda davlat siyosatiga boʼlgan fuqarolar ishonchini yaqqol koʼrsatib turibdi.
Oʼzbekiston, Qirgʼiziston va Qozogʼiston ishtirokida Qirgʼizistonda quriladigan 1860 megavattlik Qambarota GESi misolida yurtimizda energetika tizimi islohotlari yanada rivojlantirilmoqda.
Quvonarlisi, joriy yil yakuniga qadar yana 2 gigavattdan ortiq yashil energiya quvvati ishga tushuriladi, natijada yashil energiya quvvati 18%dan 30% ga oshirish kutilmoqda. Bundan tashqari, ushbu energiyadan foydalanish 2030-yilga kelib jami isteʼmoldagi energiyaning 50%ini tashkil etishi koʼzlangan va amaldagi dasturlarga kiritilgan.
Shu munosabat bilan xalqaro hamkorlik va elektr-energiya savdosi boʼyicha endilikda qoʼshni davlatlar bilan hamkorlikda 3,2 milliard dollar qiymatidagi ikkita katta gidroelektr stantsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Аytish zarurki, Qambarota gidroelektr stantsiyasi qurilishi loyihasi Qirgʼiz Respublikasi hududida Norin daryosida barpo etilib, 5,6 mlrd kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Demakki, xalqimiz ekologik toza energiya manbasidan baxramand boʼlishi, ehtiyojlari sifatli taʼminlanishi yoʼlida hukumatimiz qizgʼin islohotlar yoʼlida. Mintaqadagi suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanish imkoni yaratilishi binobarida, nafaqat xalqimiz, balki qoʼshnilarimiz uchun ham manfaatli loyiha tatbiq etilmoqda.
Yana bir eʼtiborli masala – ikkinchi loyiha boʼlgan Tojikiston bilan hamkorlikda Zarafshon daryosida barpo etilishi rejalashtirilgan 550 mln dollarlik 320 megavattli Yaman gidroelektr stantsiyasidir.
Ushbu ikki bosqichli loyiha orqali yillik 430 mln kilovatt elektr energiyasini ishlab chiqarishga moʼljallangan 100 megavattli stantsiya ishga tushiriladi. Bu kabi yirik loyihalarning amalga oshirilishi natijasida esa mintaqadagi munosabatlar yanada yaxshilanib, oʼzaro ishonch koʼpriklari tobora mustahkamlanib boradi.
Koʼrinib turibdiki, iqtisodiy va investitsiyaviy barqarorlik sari faol qadam tashlayotgan Oʼzbekiston hukumati - qayta tiklanuchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishga, ekologik muammolarni oldini olishga, qazilma energiya resurslariga boʼlgan talab oʼrnini oqilona yoʼl bilan qoplashga va yangi iqtisodiy taraqqiyotga bugun butun mintaqa ahlini chorlamoqda. Zero, Yangi Oʼzbekiston kashf etayotgan yangi yoʼllar xalqni yorugʼ manzillarga olib chiqajak.
Bahodirjon ShERMUHАMMАDOV,
Fargʼona davlat universiteti rektori