Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 20-iyunda o‘tkazilgan Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda (https://t.me/Press_Secretary_Uz/4328) talabalar amaliyotini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, oliy ta’lim muassasalariga chet el investitsiyalarni keng jalb qilish, yetakchi xorijiy davlatlar, shu jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi oliygohlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish ustivor vazifalar sifatida belgilab berilgan edi. Xususan, FarDU bugungi kunda Xitoyning o‘nga yaqin yirik universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatgan.
Bu borada, o‘tgan yilning oktabr oyida Farg‘onada hamda joriy yilning yanvar oyida Pekinda imzolangan shartnomalar o‘zining aniq amaliy natijalarini bermoqda. Jumladan, hozirgi kunda Tarix fakultetida “Fargʻona – Loyang arxeologik tadqiqotlar markazi” tashkil etilgan boʻlib, ushbu markaz tomonidan Xitoy investitsiyalari asosida “Qubo shahristoni” arxeologik yodgorligida 2024-yilning oʻtgan davr mobaynida 320 mln. soʻmlik tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
Joriy yil yakuniga qadar yana 400 mln. soʻmlik tadqiqot ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Ayni jihatlar, davlatimiz rahbarining 2024-yil 12-iyul kuni Fargʻona viloyatiga tashrifi doirasida viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda belgilab bergan “Qubo shahristoni” arxeologiya yodgorligida osmon ostida muzey tashkil etish boyicha vazifalarning universitetdagi ijrosini koʻrsatadi.