Margʼilon shahrida oʼtkazilayotgan "Аtlas bayrami" xalqaro anʼanaviy toʼqimachilik festivali davom etmoqda. Festivalь dasturi doirasida hunarmandchilikni rivojlantirish markazi qoshida "Hunarmandchilik biznesi va tadbirkorlikni rivojlantirish taʼlim markazi" tashkil etildi. Markazning tantanali ochilish marosimida YuNESKOning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov, shahar hokimi Shukurulloxon Nisbatxonovlar ishtirok etdi. Ushbu tashabbus “Markaziy Osiyodagi Ipak yoʼli merosi yoʼlaklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro koʼlami” loyihasining bir qismidir. Bu yerda hunarmandchilik va tadbirkorlik sohalarida salohiyatni oshirish, innovatsiyalar va bilim almashish mumkin. Qolaversa, rassomlar va hunarmandlarga biznesni boshqarish, marketing va elektron tijorat kabi sohalarda oʼz malakalarini oshirish imkoniyatlarini taklif etadi.
“Аtlas bayrami” xalqaro anʼanaviy toʼqimachilik festivali rivojlanish tarixi suratlarda” nomli foto koʼrgazmadan oʼrin olgan tarixiy suratlarda Margʼilon shahrida 6 yildan buyon oʼtkazilib kelinayotgan “Аtlas bayrami” xotiralari jonlandi. Margʼilon hunarmandchilik tarixi haqida ham suratlar soʼzlaydi. Yosh dizaynerlarning defile koʼrgazmasida esa respublikamiz dizaynerlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlaridan kelgan mashhur liboslar dizaynerlarining milliylikka asoslangan kollektsiyalari namoyishi ishtirokchilarning hayratini oshirdi.
Mazkur festival doirasida Farg‘ona davlat universitetida ham “Xon atlas” haftaliklari o‘tkazilib kelinmoqda.